Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, turli hududlarda taqiqlangan moddalarni olib o‘tish holatlarini to‘xtatish bo‘yicha qator tezkor tadbirlar amalga oshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ohangaronda Qo‘qon shahrida yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Toshkent-Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti avtomashinasi to‘xtatilgan. Avtomobil ichidan 4,9 kg gashish topilgan. Malibu avtomashinasida orqasidan kelayotgan haydovchining muqaddam sudlangan akasi ham ushlangan. Aniqlanishicha, ushbu moddalar Piskent tumanida tojikistonlik narkosotuvchidan 30 ming dollarga sotib olingan va Qo‘qon shahrida sotish uchun mo‘ljallangan.

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Farg‘ona viloyatida yashovchi, muqaddam narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan 1972-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olingan. Uning yonidan 987 gramm gashish moddasi bo‘lgan o‘yinchoq qutisi topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u giyohvand moddalarni Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqarodan olgan, u ham qo‘lga olingan. Uning Cobalt avtomashinasining salonidan 941 gramm opiy va 1,9 kilogramm gashish giyohvandlik moddasi topilib, olib qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, ushbu giyohvand moddalar avvalroq Tojikiston fuqarosi tomonidan mamlakatga olib kirilgan.

Yana bir holat Urganchda qayd etilgan. Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashovchi fuqaro Tojikistondan olib kelingan 501 gramm opiy va 459 gramm gashishni 7800 dollarga sotmoqchi bo‘lgan. 3000 dollar avans olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Shuningdek, Toshkent shahri Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Yashnobod tumanida yashovchi, muqaddam narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etgani uchun sudlangan 1982-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. Ko‘zdan kechirilganda, uning chamadonidan 297 gramm gashish va 9 gramm opiy topilgan.

Aniqlangan barcha giyohvand moddalar protsessual tartibda musodara qilindi.