Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “ma’naviyat ekspertizasi” loyihasi hozir xalq muhokamasida, mazkur tartib bo‘yicha hali uzil-kesil qaror qabul qilingani yo‘q. Bu haqda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 7-dekabr kuni “Yashil makon” loyihasi doirasida vazirlik jamoasi va taniqli san’atkorlar ishtirokida o‘tkazilgan daraxt ekish aksiyasida OAVga bergan intervyusida qayd etdi.
“Gazeta.uz” muxbiri “ma’naviyat ekspertizasi” loyihasi yuzasidan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning fikriga qiziqib, unga bir qancha savollar bilan yuzlandi.
“„Ma’naviyat ekspertizasi“ Madaniyat vazirligining tashabbusi emas. Bu asosan, Ma’naviyat markazining loyihasi bo‘lib, tajribasi tariqasida aholini, jamiyatimizning fikrini bilaylik, degan ma’noda ishlab chiqildi. Lekin har xil fikrlar o‘rtaga chiqyapti, shu sababli bu bo‘yicha hali uzil-kesil qaror qabul qilganimiz yo‘q. Hozircha ikki tarafning fikrlari o‘rganilyapti. Chunki ma’naviyat masalasi o‘ta xassos masala. Har bir insonning ma’naviyati individual [bo‘ladi]. Masalan, mening ma’naviyatim qaysidir chegarada to‘xtaydi, sizning ma’naviyatingizni chegarasi mening ma’naviyatimnikidan ham kengroq bo‘lishi mumkin. Kimningdir ma’naviyati o‘z atrofida qotadi — faqat o‘zi bilan ishi bor, jamiyat bilan, hech narsa bilan ishi yo‘q. Mana shunday o‘rinlarda qanday qilib, umumiy jamiyatga nisbatan ma’naviyat chegarasini topish mumkin? Mana shu muammo bugun jamiyatimizni ham qiynayapti, shu siyosatni yuritgan idora sifatida Madaniyat vazirligining ham oldida turgan juda katta masala”, — dedi vazir.
Hukumat vakili “bu loyihani ko‘plab ijodkorlar senzura sifatida qabul qilyapti, bunga munosabatingiz qanday?”, degan savolga javob berarkan, bu senzurani xalq talab qilayotganini aytdi.
“Sizlar muhokamalarni yaxshi kuzatasizlar. Senzurani xalq talab qilyapti, biz emas. Xalq so‘rayapti. „Senzurani qo‘y, mana buni yop, mana bunga ruxsat berma, uni chiqarma“, deyapti. Lekin ikkinchi taraf buni senzura sifatida ko‘ryapti. Shuning uchun ["ma’anaviyat ekspertizasi” loyihasini] hozir xalq muhokamasiga qo‘yganmiz, ayni paytda muhokama jarayonida. Masala bir tarafga o‘tganidan keyin, ehtimol, qaror qabul qilarmiz", — dedi madaniyat vaziri.
“Ma’naviyat ekspertizasi” nima?
Avvalroq Ma’naviyat va ma’rifat markazi bunga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinomotografiya agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy media birlashmasining birgalikdagi qarori bilan kelishilganini qayd etgandi.
“Bugun shiddatli davrda axborotlar ko‘lami va oqimi keng. Mediamakon zamonaviy, qiziqarli va dolzarb mavzudagi xilma-xil mediamahsulotlar bilan to‘ldirilmoqda. Lekin ularning barini ham sifat jihatidan ham, mazmun jihatidan ham milliyligimizga mos va xos, tarbiyaviy ahamiyati yuqori deb bo‘lmaydi. Shu boisdan ham yoshlar tarbiyasiga va milliy mentalitetimizga rahna soluvchi mediamahsulotlar tarqalishining oldini olish va ularning sofligi, milliy axloqimizga moslik darajasini tahlil qilib borish ancha muhim”, — deyiladi xabarda.
Shuning bilan tele va radiokanallar, ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino, qo‘shiq va kliplarni ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda. Qayd etilishicha, hozirga qadar ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlab bo‘lingan. Unga muvofiq, ma’naviy ekspertiza guruhining asosiy vazifalari belgilangan.
Jumladan:
- soha mutaxassislaridan tartib topgan guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hamda xorijda ishlab chiqilgan va O‘zbekiston hududida namoyish etilayotgan mediamahsulotlarning davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlarga zid, insoniy fazilatlarga tahdid soluvchi ahloqsizlik, behayolikni targ‘ib qiluvchi holatlar mavjud va mavjud emasligi o‘rganiladi;
- Mediamahsulotlarning yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga ta’siri baholanadi;
- Yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga rahna soluvchi mediamahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralari ko‘riladi;
- Bunday mediamahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritib boriladi;
“Ma’naviy ekspertiza” loyihasining to‘liq ishlashi va jamiyatda kutilgan natijani berishi uchun esa markaz barchani hamkorlikka chorlagan.
“Axloqsizlik va tarbiyasizliklar targ‘ib qilingan mediamahsulotlarni aniqlash, namoyish qilish va keng targ‘ibot qilish bo‘yicha bildirilgan har bir fikr, mulohaza va talif qimmatli. Zero ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlarni azaliy milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning asosiy vazifamizdir”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq, “Gazeta.uz” da Komil Jalilovning “ma’naviyat ekspertizasi”ga oid maqolasi e’lon qilingandi. Uning fikricha, bu — senzura. “Ular “senzura o‘rnatmaymiz” deyapti, lekin senzura o‘rnatishini tan olyapti”, — deb yozadi u o‘z maqolasida.