Afg‘onistonda “Tolibon” hukumatining qochqinlar ishlri bo‘yicha vaziri vazifasini bajaruvchi Halil Rahmon Haqqoniy va yana olti kishi chorshanba kuni poytaxt Kobulda sodir bo‘lgan portlashda halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters yozmoqda.
“Tolibon” hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid o‘z bayonotida Haqqoniy “Islomga da’vo qiladigan xorijiylar” tomonidan o‘ldirilganini aytdi va “uni o‘ldirgan kishiga Islom dushmanlari 5 mln dollar va’da qilganini” eslatdi.
Mahalliy One TV telekanali vazir vazirlik hududida portlash oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
Halil Haqqoniy 2021-yilda “Tolibon” muvaqqat hukumatga kelgach, vazir bo‘lgandi. AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, u 20 yillik urush paytida yirik hujumlar uchun ayblangan fraksiya — Haqqoniy tarmog‘ining yuqori rahbari edi.
“Biz juda jasur mujohidni yo‘qotdik. Biz uni va uning qurbonligini hech qachon unutmaymiz”, — dedi uning jiyani Anas Haqqoniy Reuters agentligiga. Uning aytishicha, portlash Haqqoniy peshin namozidan so‘ng masjiddan chiqib ketayotgan paytda sodir bo‘lgan.
Qo‘shni Pokiston tashqi ishlar vaziri Ishoq Dor o‘z bayonotida hujumdan “hayratda qolganini” aytdi. “Pokiston terrorizmni barcha shakl va ko‘rinishlarida qat’iy qoralaydi”, — dedi u.
AQSh Davlat departamenti halok bo‘lgan vazirni bir nechta yirik teraktlarga aloqador bo‘lgan jangarilar guruhining yuqori martabali rahbari deb atagan. Al Arabiya nashrining ta’kidlashicha, AQSh Moliya vazirligi 2021-yilda Haqqoniyni “alohida xavfli xalqaro terrorchilar” ro‘yxatiga kiritgan va Davlat departamenti uni hibsga olishga olib keladigan ma’lumot uchun 5 million dollar taklif qilgan.