Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2024-yilning noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joylar uchun o‘rtacha ijara narxlari tahlil qilindi.
Mazkur davrda poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari oktabr oyiga nisbatan 1,3 foizga pasaygan bo‘lsa, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha narxlar deyarli o‘zgarmadi.
2024-yilning noyabr oyida o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxi oktabr oyiga nisbatan 0,9 foizga, 2 xonalilar uchun 1,3 foizga, 4 xonalilar uchun 3,9 foizga tushdi. 3 xonali xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxida esa biroz (0,8 foizga) ko‘tarilish kuzatildi.
O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun nisbatan arzon ijara narxlari:
- Sergeli (1 xonali — 298 dollar, 2 xonali — 360 dollar, 3 xonali — 404 dollar, 4 xonali — 411 dollar);
- Olmazor (1 xonali — 330 dollar, 2 xonali — 364 dollar, 3 xonali — 463 dollar, 4 xonali — 479 dollar) tumanlarida taklif etilgan bo‘lsa,
eng qimmat ijara narxlari:
- Mirobod (1 xonali — 378 dollar, 2 xonali — 516 dollar, 3 xonali — 680 dollar, 4 xonali — 865 dollar);
- Yakkasaroy (1 xonali — 367 dollar, 2 xonali — 488 dollar, 3 xonali — 668 dollar, 4 xonali — 743 dollar) tumanlarida kuzatildi.
Mazkur davrda to‘liq ta’mirlangan 2 xonali (559 dollar) va 3 xonali (733 dollar) uy-joylarning ijara narxi deyarli o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa, 1 xonali uylar ijara narxlari 0,6 foizga oshdi. Talab darajasi nisbatan kam bo‘lgan 4 xonali uylarning ijara narxi esa o‘rtacha 0,9 foizga pasaydi.
To‘liq ta’mirlangan uy-joylarning eng arzon ijara narxlari:
- Sergeli (1 xonali — 331 dollar, 2 xonali — 410 dollar, 3 xonali — 509 dollar, 4 xonali — 587 dollar);
- Uchtepa (1 xonali — 353 dollar, 2 xonali — 450 dollar, 3 xonali — 554 dollar, 4 xonali — 688 dollar) tumanlarida,
eng qimmat ijara narxlari:
- Mirobod (1 xonali — 479 dollar, 2 xonali — 718 dollar, 3 xonali — 984 dollar, 4 xonali — 1313 dollar);
- Shayxontohur (1 xonali — 520 dollar, 2 xonali — 730 dollar, 3 xonali — 1032 dollar, 4 xonali — 1258 dollar) tumanlarida kuzatildi.
Ijara narxlari olx.uz platformasidan veb-skreyping orqali olingan ochiq ma’lumotlar asosida tahlil qilindi. Bunda 2024-yilning oktabr oyi uchun 43,1 mingta va noyabr oyi uchun 38,1 mingta ma’lumotdan foydalanildi. Ikkala davr uchun ham tahlil narxlar chegarasining yuqori va pastki 5 foizlik kvantillari chiqarib tashlanganidan keyin amalga oshirildi, deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkentda ko‘p qavatli uy-joy qurilishiga yo‘naltirilgan investitsiya daromadliligi tushib borayotgani qayd etilgandi. Fevral oyida ko‘chmas mulkka investitsiyalarning rentabelligi o‘rtacha 32,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oktabr oyida u 12,2 foizga tushdi, deya qayd etgan MHTI.
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, aholi uchun turli investitsiya vositalarining, jumladan, aksiyalar, obligatsiyalar yoki pensiya fondlari kabi imkoniyatlarning cheklangani sharoitida rivojlanayotgan mamlakatlarda, ayniqsa uy-joy narxlari oshib borayotgan bir paytda jamg‘armalarni uy-joyga investitsiyalarga yo‘naltirish tendensiyasi kuzatiladi.
MHTIga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlarda aholi jamg‘armalarining uy-joyga yo‘naltirilishi qisqa muddatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oshirishi mumkin. Ammo uzoq muddatda kapital bozorini rivojlantirish va aholi uchun diversifikatsiyalangan investitsiya imkoniyatlarini taqdim etish muhimdir.