Noyabrda O‘zbekiston aholisi va biznesining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari yana o‘sa boshladi, bu Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovnoma natijalaridan kelib chiqadi.

O‘tgan oy yakuni bo‘yicha aholining narxlar yuzasidan kutilmalari 13,7 foizgacha (oktabrga nisbatan +0,9 foiz punkt), tadbirkorlar o‘rtasida 12,7 foizgacha (+0,7 foiz punktiga) o‘sdi.

Bu gaz va elektr energiyasiga tariflar oshirilgan may oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi (o‘sha paytda aholining kutilmalari 14 foiz, korxonalarniki esa 12,7 foiz bo‘lgandi).

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, markaziy bank, statistika

Bu safar kelajakdagi inflyatsiya bo‘yicha eng pessimistik kayfiyat Toshkentda qayd etildi. Oktabr oyida aholi inflyatsiya 11,6 foiz bo‘lishini prognoz qilgan bo‘lsa, noyabr oyida ko‘rsatkich o‘rtacha 17,7 foizgacha ko‘tarildi. Poytaxtlik respondentlarning deyarli yarmi (48 foiz) kelgusi 12 oy ichida inflyatsiya 17 foiz yoki undan yuqori bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Toshkent shahridagi tadbirkorlarning kutilmalari ham 12,6 foizdan 14,6 foizgacha ko‘tarilgan.

Aholi o‘rtasida narxlarning yuqori o‘sishini Toshkent (14,8 foiz, avvalgi oyga nisbatan o‘zgarmagan,) va Sirdaryo viloyatlarida (14,8 foiz, +1,1 foiz) prognoz qilinmoqda, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi eng pessimistik prognozlar esa Navoiy viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda (14,7 foiz, +0,2 foiz).

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, markaziy bank, statistika

Noyabrda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ham narxlarning oshishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida valyuta kursining o‘zgarishi ko‘rsatilgan — respondentlarning 51 foizi ushbu variantni tanlagan (oktabrda ham 51 foiz edi). Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi yakunlariga ko‘ra, dollar deyarli 91 so‘mga (+0,71 foiz) mustahkamlandi. Umuman olganda, yil boshidan buyon milliy valyuta atigi 4,3 foizlik devalvatsiyaga uchradi (o‘tgan yilning shu davrida 9,5 foiz edi).

Omillar orasida yoqilg‘i va energiya narxining qimmatlashishi ham birinchi o‘rinda qayd etilgan (elektr energiyasi, gaz). Noyabr oyidagi so‘rovda qatnashganlarning 51 foizi (46 foizi) bu omil ham keyingi 12 oy ichida narxlar oshishiga ta’sir qilishini qayd etgan.

Kommunal xizmatlar narxlarining oshishi ham 51 foiz bilan (o‘tgan oyda 47 foiz edi) birinchi pog‘onada qayd etilgan.

Keyingi o‘rinlarda monopoliyalar va narxlarning sun’iy oshirilishi (31 foiz, 28 foiz edi), transport xarajatlarining oshishi (30 foiz, 26 foiz edi), ish haqi va nafaqalarning oshishi (28 foiz, 31 foiz edi) ko‘rsatilgan.

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, markaziy bank, statistika

Tadbirkorlik subyektlari uchun narxlar oshishining asosiy omili valyuta kursining o‘zgarishi bo‘lib qolmoqda — respondentlarning 51 foizi (avvalgi oy 50 foiz edi) shu omilni birinchi o‘ringa qo‘ygan. Ikkinchi asosiy omil kommunal xizmatlar narxining o‘sishi (49 foiz, 42 foiz edi), uchinchisi esa yoqilg‘i-energetika resurslarining qimmatlashishi bo‘lib turibdi — 48 foiz (42 foiz edi).

Transport xarajatlarining oshishi (32 foiz, 29 foiz edi), ish haqi va nafaqalarning oshishi (29 foiz, 30 foiz edi), soliq yukining yuqoriligi (25 foiz, 23 foiz edi), xomashyo narxlarning oshishi (25 foiz, avvalgi oy ham 25 foiz edi) kabi omillar keyingi o‘rinlarda qayd etilgan.

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, markaziy bank, statistika

Aholining eng yuqori daromadga ega (15 million so‘mdan yuqori) guruhlari o‘rtasida inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar 13,9 foizdan 17,3 foizgacha (+3,4 foiz) oshdi. 10−15 mln so‘m daromadga ega respondentlar ham yuqori darajadagi inflyatsiyani (oktabrdagi 14,4 foizga nisbatan noyabrda 16,5 foiz) kutmoqda.

Daromadlari 2 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlar keyingi 12 oyda inflyatsiya 13,1 foiz (oktabrda 12,1 foiz edi) bo‘lishini, daromadga ega bo‘lmagan respondentlar esa 12,1 foiz (12,3 foiz edi) bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida

Inflyatsion kutilmalar — bu odamlar, kompaniyalar va iqtisodiyotning boshqa ishtirokchilarining kelajakda narxlar qanday o‘zgarishi bo‘yicha tasavvurlari. Oddiy qilib aytganda, bu ularning keyingi 12 oy ichida tovarlar va xizmatlar qancha qimmatlashishi haqidagi taxminlari sanaladi.

Agar siz narxlarning keyingi bir yil ichida 10 foizga oshishini taxmin qilayotgan bo‘lsangiz, bu sizning inflyatsion kutilmangiz bo‘ladi. Narxlarning oshishini kutayotgan biznes o‘z mahsuloti yoki xizmatlari narxini oldindan oshirishi mumkin, xodimlar esa daromadlari kelajakdagi xarajatlarga mos kelishi uchun ish haqini oshirishni so‘rashi mumkin.

Inflyatsion kutilmalar iqtisodiyotga ta’sir qilishi mumkin. Misol uchun, agar odamlar narxlar ko‘tariladi deb o‘ylasa, ular tovarlarni oldinroq sotib ola boshlashi mumkin, bu esa talabni oshiradi va narxlarning oshishini tezlashtiradi. Kompaniyalar esa o‘z budjetida inflyatsion kutilmalarini aks ettirish mumkin, o‘z navbatida bu ham iqtisodiyotga ta’sir qiladi.