So‘nggi ikki kun ichida Isroil harbiylari Suriya bo‘ylab kamida 480 ta havo hujumi uyushtirdi va qurol-yarog‘lar “strategik zaxiralarining katta qismini” yo‘q qildi, deb xabar berdi Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL).

Zarbalar nishonlari zenit batareyalari, aerodromlar, qurol ishlab chiqarish obyektlari, qurol-yarog‘ omborlari, harbiy inshootlar, uchirish qurilmalari va o‘t ochish pozitsiyalari bo‘lgan, deyiladi Isroil armiyasi xabarida.

SAXAL, shuningdek, 80 km dan 190 km gacha radiusli raketalari joylashgan Suriyaning ikkita harbiy-dengiz obektiga zarba berdi va Al-Bayd va Latakiya portlarida 15 ta kemani yo‘q qildi.

Qurol zaxiralarining yo‘q qilinishi “ularning terrorchi unsurlar qo‘liga tushishining oldini oldi”, — deydi SAXAL. Harbiylarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qulagan Bashar Asad rejimining 70−80% “strategik harbiy imkoniyatlari” yo‘q qilingan, deb yozdi The Times of Israel.

Isroil 50 yil ichida birinchi marta demilitarizatsiya qilingan bufer zonada ham, uning tashqarisida ham quruqlikdagi qo‘shinlarini joylashtirdi, deb ta’kidlaydi CNN. Ushbu zona 1974-yilda 1967-yilgi Olti kunlik urush natijasida tashkil etilgan. 1981-yilda Isroil hududni bir tomonlama anneksiya qilgan.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Suriyaning janubida “Isroilning doimiy ishtirokisiz” “steril himoya zonasi”ni yaratishga buyruq berganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Isroilga har qanday terrorchilik tahdidining oldini olish uchun qilinmoqda.

Bunga javoban Arab davlatlari ligasi Isroilni Suriyadagi beqaror ichki vaziyatdan yerlarni bosib olish uchun foydalanganlikda aybladi.

  • 8-dekabrga o‘tar kechasi “Hayyat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi qurolli isyonchilar Suriya poytaxti Damashqqa bostirib kirib, prezident Bashar Asad rejimini ag‘darganini e’lon qildi. U mamlakatni 24 yil, uning oilasi esa 1971-yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgandi. Asad mamlakatdan qochib, oilasi a’zolari bilan Rossiyada boshpana topdi.
  • Isyonchilar tomonidan tashkil etilgan Suriyaning o‘tish hukumatiga Muhammad al-Bashir boshchilik qilyapti. U 2025-yil 1-martga qadar mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaradi. Bungacha al-Bashir 2017-yilda Suriya muxolifati tomonidan tuzilgan va fuqarolar urushi paytida “Hayyat Tahrir ash-Shom” tomonidan bosib olingan Idlib provinsiyasi hududida faoliyat yuritayotgan muqobil hukumat — Qutqarish hukumatiga rahbarlik qilgan.