10-dekabr kuni Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Xyon o‘zi hibsga olingan Seulning sharqiy qismidagi Dongbu hibsxonasida joniga qasd qilishga urindi, deya ma’lum qildi Yonhap.
Muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng Kim himoya kamerasida saqlanmoqda va uning sog‘lig‘i barqarorligicha qolmoqda, deya aniqlik kiritdi axloq tuzatish markazi rahbari.
Kim soat 23:52 da (Toshkent vaqti bilan 19:52) hammom ichida kiyimlarini bir-biriga bog‘lab, o‘zini osmoqchi bo‘lganida buning oldi olindi. “Tibbiy jamoa tomonidan davolash ishlari olib borilishi natijasida uning ahvoli barqaror bo‘lib, hech qanday anomaliyalar yo‘qligini ko‘rsatdi va hozirda u normal sharoitda”, — deyiladi xabarda.
Sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon mamlakatda harbiy holat joriy etishda ishtirok etgani uchun 8-dekabr kuni hibsga olingandi. Uning aytishicha, “u harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq barcha hodisalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan”. Aynan mudofaa vaziri prezidentga harbiy holat joriy etishni taklif qilgan, deb ishoniladi.
Shu bilan birga, Janubiy Koreya politsiyasi prezident idorasida reyd uyushtirdi, deb tasdiqladi prezident xavfsizlik xizmati xodimi CNN telekanaliga. Prezident Yun Suk Yolning hayratlanarli, ammo qisqa muddatli harbiy holat e’lon qilgani mamlakatdagi keng jamoatchilikning g‘azabini qo‘zg‘atdi.
Kecha Janubiy Koreya parlamenti prezident Yun Sok Yolga qarshi ayblovlarni tergov qilish uchun maxsus prokuror tayinlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilgandi.
- 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
- Parlament deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, uni bekor qilish uchun ovoz berdi, shundan so‘ng prezident o‘z farmonini qaytarib olishga rozi bo‘ldi.
- 4-dekabr kuni muxolifatdagi partiyalar parlamentga Yun Sok Yol impichmenti bo‘yicha taklif kiritdi. Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi (jami 300 o‘rin) ovoz berishi kerak.
- Shuningdek, Janubiy Koreya politsiyasi Yun Sok Yolni davlatga xiyonatda gumon qilib, tergov boshlagani ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik prezidentga mamlakatdan chiqish taqiqlandi.