AQSh Moliya vazirligi Ukrainaga 20 milliard dollar miqdorida kredit ajratilishini e’lon qildi, bu Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadlar bilan qoplanadi.

“Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan kutilmagan daromadlar hisobidan to‘langan ushbu mablag‘lar Ukrainaga tajovuzkor urushdan himoya qilishda juda muhim yordam beradi”, — dedi AQSh moliya vaziri Janet Yellen.

AQSh tomonidan ajratilgan mablag‘ iyun oyida bo‘lib o‘tgan sammitda “Katta yettilik” mamlakatlari tomonidan kelishilgan 50 milliard dollarlik kreditning bir qismi bo‘ladi. Oktabr oyida Yevropa kengashi Ukrainaga 35 milliard yevrogacha bo‘lgan kreditni ma’qullaganini ma’lum qildi, bu muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan daromadlar hisobidan ta’minlanadi.

“G7 tomonidan ushbu tashabbus orqali taqdim etilayotgan 50 milliard dollar Ukrainaga favqulodda xizmatlar, shifoxonalar va mardona qarshilik ko‘rsatishning boshqa asoslarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan resurslarga ega bo‘lishiga yordam beradi. Amerikaning Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha yordami va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qat’iy ravishda kuchaytirishi bo‘yicha biz bundan keyin ham qiladigan qadamlar Ukrainaning o‘z suverenitetini himoya qilish va adolatli tinchlikka erishish pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi”, — deb qo‘shimcha qildi Yellen.

Moliya vazirining qayd etishicha, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash AQSh milliy manfaatlari uchun ham muhim ahamiyatga ega.

“Ukrainaning qulashiga yo‘l qo‘yilishi Putinning yanada tajovuzkor bo‘lishiga olib keladi va biz shartnoma bo‘yicha himoya qilish majburiyatini olgan Yevropadagi NATO ittifoqchilarimizning xavfsizligini xavf ostiga qo‘yadi. Muvaffaqiyatli Ukraina Qo‘shma Shtatlar va hamkorlarimizning demokratiyani tajovuzdan himoya qilish, jahon iqtisodiyotini himoya qilish va kollektiv xavfsizligimizni mustahkamlash borasidagi qat’iyligini namoyish etadi”, — dedi u.

“Bu qaror adolatning kuchli harakatidir. Rossiyaning aktivlaridan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanib, G7 tajovuzkorni javobgarlikka tortmoqda. Bu aniq va qat’iy messej jo‘natadi: Rossiya o‘zining shafqatsiz urushi uchun javob berishi kerak, Putin rejimi xalqaro huquqni buzish, urush jinoyatlari va demokratiyaga tajovuz kabi ishlarining oqibatlariga ro‘baro‘ kelishi kerak”, — deb yozdi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kredit ajratishiga javoban.

“Ukrainani qo‘llab-quvvatlash — bu nafaqat bir millat bilan birga turish, balki Yevropada xavfsizlikni ta’minlash va har qanday bo‘lajak tajovuzkorga kuchli saboq berishdir: urush harakatlari uchun javobgarlik muqarrardir”, — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

2022-yilda Rossiya harrbiylarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng G‘arb davlatlari Rossiyaning 300 milliarddan ortiq suveren aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Mablag‘larning katta qismi Yevropada saqlanadi. Avvalroq 2024-yilda Yevropa Ittifoqi ushbu aktivlardan foydalanishdan olingan foydani Ukrainaga o‘tkazishni boshlagandi.