Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatiga Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, Mamarizo Nurmuratov 2017-yil 6-iyun kuni Markaziy bankni 1991-yildan buyon boshqarib kelgan Fayzulla Mullajonov vafotidan so‘ng ushbu lavozimni egallab, Markaziy bank raisi etib tayinlangan edi.
“Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Markaziy bank boshqaruvi to‘qqiz kishidan: rais, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari, shuningdek, boshqaruvning ikki nafar mustaqil a’zosidan iborat. Markaziy bank boshqaruvi raisi prezidentning taqdimiga binoan Senat tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Mamarizo Nurmuratov (1960-yilda tug‘ilgan) Toshkent xalq xo‘jaligi instituti va Leningrad iqtisodiyot-moliya instituti bitiruvchisi hisoblanadi. U 1980-yillarda u o‘qituvchilik va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan va Moskva moliya institutida iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.
1993-yildan Markaziy bank tizimida ish boshlagan: Ilmiy tadqiqotlar markazi direktori, Markaziy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari va raisning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
2000−2004-yillarda O‘zbekiston moliya vaziri lavozimida ishlagan. 2004−2006-yillarda Samarqand viloyatini boshqargan. 2006−2017-yillarda Markaziy bank raisi maslahatchisi bo‘lgan.