O‘zbekistonda sut mahsulotlariga ishlab chiqarishda tabiiy yoki quruq sutdan foydalanilganini ko‘rsatuvchi markirovka joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 10-dekabr kuni oziq-ovqat sanoatidagi ishlar va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar bilan tanishgan prezident bilan uchrashuvda so‘z bordi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida tadbirkorlar taklifiga ko‘ra quruq sut importiga cheklovlar olib tashlanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, sut mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun olti oy muddatda Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinov laboratoriyalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishda tabiiy yoki quruq sutdan foydalanilgani to‘g‘risida markirovkalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Vahobovning ta’kidlashicha, qadoqda tabiiy sut yoki quruq sut ishlatilgani haqidagi ma’lumot ko‘rsatilishi xaridorlarga ongli ravishda tanlash imkonini beradi.
“Masalan, muzqaymoq va pishloq mahsulotlari quruq sutdan tayyorlansa, iste’molchi tabiiy va quruq sutdan tayyorlangan mahsulotlarni tanlashi kerak. Prezidentimiz, birinchi navbatda, akkreditatsiyadan o‘tishi shart bo‘lgan laboratoriya tashkil etish vazifasini qo‘ydi. Bu tizim o‘rnatiladi, prezident tashabbusni qo‘llab-quvvatladi”, — dedi u.
Bugungi kunga kelib mamlakatda tabiiy sut ishlab chiqarish 13 million tonnaga yetdi, dedi SSP rahbari.
Prezident mazkur yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosariga o‘simlik yog‘i eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish taklifini o‘rganishni topshirdi. Shuningdek, kichik yog‘-moy sexlari ishini qonuniylashtirish ko‘zda tutilgan. Xalqaro standartlarni joriy etish hisobiga kolbasa mahsulotlarining yaroqlilik muddatini oshirish rejalashtirilgan.
Fevral oyida prezident go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun 315 million dollar ajratilishini ma’lum qilgandi. Chorvachilik komplekslarini tashkil etish, chorva mollarini xarid qilish va ozuqa ishlab chiqarish uchun imtiyozli so‘m kreditlari ajratiladi. Prezident belaruslik hamkorlar bilan 200 mln dollarlik sut va ozuqa ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar tayyorlash bo‘yicha topshiriq bergan.