O‘zbekiston o‘simlik moyi eksportiga ruxsat berishi mumkin. Bu haqda 10-dekabr kuni oziq-ovqat sanoatidagi ishlar va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar bilan tanishgan prezident bilan uchrashuvda so‘z bordi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yog‘-moy sanoatida 408 ta korxona ochilgan, biroq “yurtimizda xomashyo kamligi uchun ular har doim ham to‘la quvvatda ishlamayapti”.

kolbasa, oziq-ovqat саноати, oyбек зuфаров, o‘simlik yog‘i, шавкат мирзиёев

“Yog‘-moy eksportiga ruxsat berilsa, ishlab chiqarish 120 ming tonnaga oshib, 240 ming tonna ozuqa yem tayyorlanishi hisob-kitob qilingan”, — deyiladi xabarda.

Bosh vazir o‘rinbosariga bozor talablaridan kelib chiqib, bu borada taklif kiritish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2022-yil 1-iyundan boshlab kungaboqar va o‘simlik yog‘i, shuningdek, kungaboqar urug‘lari va boshqa moyli o‘simliklar eksportiga cheklovlar joriy etilgan. Joriy yilning mart oyida hukumat kungaboqar va o‘simlik yog‘i eksportiga qo‘yilgan taqiqni yumshatgan edi. Korxonalarga import moy va urug‘larni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarning bir qismini xorijga yetkazib berishga ruxsat berilgan.

Oybek Zufarov. Foto: “O‘zbekiston 24”.Oybek Zufarov. Foto: “O‘zbekiston 24”.

“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi raisi Oybek Zufarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yog‘-moy sanoatida “yashirin iqtisodiyot” o‘sib borayotgani, noqonuniy faoliyat yuritayotgan kichik sexlar ko‘payganini ta’kidladi. “Ularning ishini tartibga solish, qonuniylashtirish masalasi ko‘rib chiqildi”, — dedi u.

Tadbirda go‘sht mahsulotlarini mintaqa davlatlari va arab davlatlariga faol eksport qilayotgan halol sertifikatiga ega milliy brendlar sonining ko‘payishi haqida ham so‘z bordi.

“Lekin bizda kolbasa mahsulotlarini saqlashning standart muddati 3 oy etib belgilangan. Xorijdagi iste’molchiga yetib borguncha 2 oy ketyapti. Go‘sht mahsulotini saqlash muddati Yevropa standarti kabi 4−12 oyga oshirilsa, ishlab chiqarish va eksport hajmini 2 karra ko‘paytirish imkoniyati ochiladi. Shuning uchun bu boradagi standartlarni xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qo‘yildi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Huquqshunos Umida Xaknazar “Gazeta.uz”ning may oyidagi kolonkasida (material rus tilida) O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini boshqarishning butun tizimi yakuniy mahsulotlarga sertifikatlar berishdan iborat ekani, bu xalqaro standartlarga zid bo‘lgan eskirgan yondashuvligini ta’kidlagan edi. Uning fikricha, eksportni kengaytirish va aholi salomatligini yetarli darajada himoya qilish mumkin emas.