O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Jinoyat kodeksining 244-moddasiga (ommaviy tartibsizliklar) tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Hujjat yuzasidan bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova tushuntirish berdi.
Amaldagi qonunchilikda ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlik, ularda faol ishtirok etganlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. JKning 244-moddasiga o‘zgartishlar kiritish orqali ommaviy tartibsizliklarni sodir etish maqsadida ta’lim olganlik va ularni tashkil etishni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
“Hozir tahlikali zamon. Biz inson, jamiyat va davlatchilikni himoya qila olishimiz kerak. Tabiiy savol tug‘iladi: ommaviy tartibsizliklarni sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik, shu jumladan, atrofdagilar uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan qurol, portlovchi moddalar yoki maxsus moslamalar tayyorlash uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilganmi?” — dedi u.
“Bu jinoyat tarkibini tashkil etadimi? Bizning fikrimizcha, shunday. Bu yerda jinoyat obyekti — inson, jamiyat va davlat, shuningdek, subyekti — buni amalga oshirmoqchi bo‘lgan shaxsdir”, — dedi bosh prokuror o‘rinbosari.
Uning ta’kidlashicha, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish faoliyatini moliyalashtirish jinoyat hisoblanadi va buning uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilishi lozim.
“Shu bois Jinoyat kodeksining 244-moddasini mamlakatimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qaratilgan uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirish taklif etilmoqda… Jazoning muqarrarligi tamoyili jazolash uchun emas, balki jinoyatning oldini olish uchun qo‘llaniladi. Agar kimdir bunday mashg‘ulotlarda onlayn yoki oflayn ishtirok etsa… Ommaviy tartibsizliklar hayotimizni izdan chiqarmoqda. Kimdir bu tadbirlarda ongli ravishda ishtirok etadi, kimdir esa bilmay qatnashadi”, — dedi Svetlana Artikova.
Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksiga taklif etilayotgan o‘zgartirishlar davlat budjetidan qo‘shimcha xarajatlarni talab qilmaydi. Hujjat loyihasi Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiyot va moliya, Ichki ishlar hamda Adliya vazirliklari bilan kelishilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosari ushbu harakatlar uchun qanday jazo choralari nazarda tutilishiga aniqlik kiritmagan.
Nimalarni o‘zgartirish taklif qilinmoqda
“Gazeta.uz”ning aniqlashicha, tuzatishlar bilan ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida ta’lim olganlik uchun javobgarlik kiritish taklif qilinmoqda. Xususan, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida o‘tkaziladigan o‘qishga qatnashish, shu jumladan, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish bo‘yicha bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarni egallash, shuningdek, qurol-yarog‘, portlash qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi va atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan boshqa moddalar va predmetlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha (112,5 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha) miqdorda jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.
Bunda moddaning ushbu qismi bo‘yicha jinoyatni sodir etgan shaxs agar u hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, moddaning 2-qismiga moliyalashtirish to‘g‘risida qo‘shimcha kiritilmoqda. Xususan, shaxsga nisbatan zo‘ravonlik, talonchilik, portlatish, mulkka shikast yetkazish yoki yo‘q qilish, hokimiyat vakiliga qurol yoki qurol sifatida ishlatiladigan boshqa narsalarni qo‘llash yoki qo‘llash bilan qo‘rqitib qarshilik ko‘rsatish bilan birga sodir etiladigan ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish yoki moliyalashtirish, xuddi shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda faol ishtirok etishda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Asoslash
Qonun loyihasiga tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, “zamonaviy voqelikdan kelib chiqib, ushbu sohadagi milliy qonunchilikni takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan”.
Milliy gvardiya ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shni davlatlarda sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklarda ularning tashkilotchilari maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, shuningdek, ushbu tartibsizliklarni moliyalashtirish holatlari aniqlangan.
Xorijiy davlatlar (Rossiya, Belarus va boshqalar) jinoyat qonunchiligini o‘rganish natijasida ma’lum bo‘lishicha, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida ta’lim olish hamda ularni moliyalashtirish uchun alohida javobgarlik belgilangan.
Shunga asoslanib va bunday salbiy hodisalarga qarshi kurashning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartishlar kiritish ko‘zda tutilgan, deyiladi izohda.
Ovoz berish
Qonun loyihasi ilgari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan edi.
Deputatlar o‘zgartirishlar bo‘yicha birorta ham savol berishmadi. Hujjat birinchi o‘qishda qabul qilindi. Unga 138 nafar deputat ovoz berdi, 1 nafari qarshi chiqdi, 1 nafari betaraf qoldi, 8 nafari ovoz berishda ishtirok etmadi.
Qonun loyihasi parlament quyi palatasi qo‘mitalari va partiyalar fraksiyalari tomonidan ko‘rib chiqiladi, so‘ngra ikkinchi o‘qishda muhokama qilish uchun taqdim etiladi.