Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi rahbari Vladimir Putin 11-dekabr kuni telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Ular O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Rossiya prezidentining joriy yil may oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni yetakchilar tomonidan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Yaqinda Moskva shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va ikki tomonlama muzokaralarning natijalari yuqori baholandi.

“O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘sishini ta’minlash, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, O‘zbekiston va Rossiya hududlari hamda ishbilarmon tashkilotlari darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.

Innovatsiyalar, sun’iy intellekt, ta’lim va tibbiyot sohalarida hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi. Noyabr oyida Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Xalqaro kun tartibidagi masalalar hamda joriy yil dekabr oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish nuqtai nazaridan mintaqaviy tashkilotlardagi ko‘p tomonlama hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

Kreml matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, ikki mamlakat yetakchilari “Suriya va Ukraina atrofidagi joriy vaziyat”ni ham muhokama qilgan.