6-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasidagi sanitariya va fitosanitariya shartlari to‘g‘risida Jahon savdo tashkiloti a’zo davlatlarini xabardor qilish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga qo‘shimcha vazifalar yuklandi:
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash uchun qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, qoidalar, nizomlar to‘g‘risida JST a’zo davlatlarini muntazam xabardor qilishni ta’minlash;
- sanitariya va fitosanitariya chora-tadbirlari to‘g‘risidagi loyihalarni e’tiroz va takliflar olish uchun JST a’zo davlatlariga yuborish;
- JST a’zo davlatlarining e’tiroz yoki takliflari va qarshiliklari asosida chora-tadbirlar loyihalarini qayta ishlash uchun tashabbuskor vakolatli davlat organlariga kiritish;
- JST a’zo davlatlari va manfaatdor tomonlarning asoslangan so‘rovlariga javoblar yuborish.
Prezidentning 3-iyundagi farmoniga muvofiq, Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya chora-tadbirlari to‘g‘risidagi bitimi (SPS Agreement) talablaridan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining markaziy apparatida 3 ta shtat birligidan iborat Sanitariya va fitosanitariya chora-tadbirlari bo‘yicha Axborot markazi tashkil etildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi:
- ikki hafta muddatda Axborot markazi to‘g‘risidagi nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlaydi;
- ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.
Hukumat qarori bilan SSV va Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining Kodeks Alimentarius milliy komissiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Komissiya JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha SFS choralarini Kodeks Alimentarius standartlari talablariga moslashtirish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ etib belgilandi.