Toshkent shahridagi O‘zbekiston milliy universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binolarida chipta sotib olish uchun sayyor kassalar tashkil etildi.
Transport vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur sayyor kassalarda talabalar temiryo‘l hamda avtobus qatnovlariga chiptalarni sotib olishlari mumkin.
Sayyor kassalar quyidagi manzillarda tashkil etilgan:
- O‘zbekiston milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti binosi 1-qavati.
Manzil: Olmazor tumani Talabalar shaharchasi Universitet ko‘chasi 4-uy.
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti A-binosida.
Manzil: Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasi 60-A-uy. Sobiq Toshkent moliya instituti binosi.
Eslatib o‘tamiz, OTM talabalari va texnikum, kasb-hunar maktabi, akademik litseylar o‘quvchilari 25-dekabrdan qishki ta’tilga chiqadi. Darslar 8-yanvardan boshlanadi.
Uzbekistan Airways davlat muassasasida tahsil oluvchi talabalar uchun barcha mahalliy aviaqatnovlarning ekonom-klass aviachiptalari tariflariga 50 foizgacha chegirma e’lon qilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” talabalarga 23-dekabr-10-yanvar oralig‘idagi mahalliy qatnovlar chiptalari uchun 50 foizlik chegirma e’lon qilgan. SV/VIP klassdagi vagonlar va “Afrosiyob” elektropoyezdlari bundan mustasno.