Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan taksi va yetkazib berish xizmatlari sifati bo‘yicha fuqarolarning murojaatlari asosida o‘rganish ishlari olib borildi, deb xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Nurafshon shahrida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida Davr trans servis MCHJga biriktirilgan Nurafshon ASHB-Kuchlik qo‘rg‘oni-Arancha yo‘nalishida narxlarni sun’iy ravishda oshirgan holda haydovchilar tomonidan 5000−7000 so‘mgacha miqdorda yo‘lovchilardan yo‘l haqi olinayotgani aniqlangan. Aslida tasdiqlangan jadvalga asosan yo‘l haqi 2800 so‘m bo‘lgan.

Buxoro viloyati Kogon shahrida 103 va 114-yo‘nalishlarda harakatlanayotgan Damas haydovchilari yo‘lkira haqini asossiz ravishda oshirib, xizmat ko‘rsatgan. Qatnovlarda litsenziyasiz va ruxsat etuvchi hujjatlarsiz yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan bir qator transport vositalariga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Toshkent shahridagi Yandex Go xizmati foydalanuvchilari yo‘l haqini naqd pulda to‘lashlariga qaramay, ilova orqali bank plastik kartasidan ham pul yechib olingani haqida bildirgan. Bundan tashqari, buyurtma qilingan bayram tortlari, taomlar, maishiy texnikalarni taksilar orqali yetkazishda ham muammolarga duch kelishgan. Ya’ni ular noto‘g‘ri manzilga yetkazilgan, kechiktirilgan yoki umuman yetkazilmagan.

Bunday qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan haydovchilar ilovada bloklangan, ko‘rsatmagan xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirgan fuqarolarga jami 1 009 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari qaytarilishi ta’minlangan.

Jizzax viloyatida yo‘lovchi Jizzax — Paxtakor yo‘nalishida qatnovni amalga oshiruvchi taksi xizmatidan noroziligini bildirgan. O‘rganishlar natijasida ushbu yo‘nalish bo‘yicha fuqaro to‘lagan 40 ming so‘mdan ortiqcha olingan yo‘l haqi qaytarilishi ta’minlangan.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Call taxi haydovchisi yo‘lovchidan 12 ming so‘m o‘rniga 32 ming so‘m talab qilib, qo‘pol muomala qilgan. Ortiqcha to‘langan 20 ming so‘m mijozga qaytarilib, haydovchiga taksometrdan to‘g‘ri foydalanish, yo‘lovchilar bilan muloqot qilish odoblari to‘g‘risida tushuntirish berilgan.

Samarqand viloyatida ikki nafar fuqaro haydovchining qo‘pol xatti-harakati, shuningdek, to‘lov va buyurtma berish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan murojaat qilgan. Yandex Go haydovchilariga xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya qilish bo‘yicha ogohlantirishlar berilgan.

Farg‘ona shahrida ham fuqaro Yandex Go xizmatidan foydalanganda ortiqcha 9500 so‘m yechilgani, ammo xizmat ko‘rsatuvchiga to‘lov pulini qaytarilishi yuzasidan bir necha bor qilgan murojaatlari yechim topmagani yuzasidan murojaat qilgan. Mablag‘ unga ham qaytarilgan.

Qo‘mitaning eslatishicha, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga asosan sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalariga muvofiq, yo‘lkira to‘lovi safar yakunida taksometr ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, qo‘mitaning ta’kidlashicha, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlari yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar (penyadan tashqari) qo‘llanilishidan ozod etiladi.