Oliy Majlisi Senatining kengashi prezident taqdimnomasiga muvofiq O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi lavozimiga Timur Ishmetovni tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq Mamarizo Nurmuratov MB boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning 30-dekabr kuni prezidentning tegishli farmoni bilan Timur Ishmetov moliya vaziri lavozimidan ozod etilgandi. O‘shanda buyon u davlat rahbarining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Timur Aminjanovich Ishmetov (1979-yilda tug‘ilgan) bakalavriatni Toshkent moliya institutining moliya-kredit fakultetida (2000), magistraturani esa Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishida tamomlagan (2005). Shuningdek, Ishmetov Toshkent davlat yuridik universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan (2007).

Mehnat faoliyatini 2000-yilda Markaziy bankda iqtisodchi sifatida boshlagan, u yerda turli lavozimlarda, jumladan, Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro zahiralarni boshqarish departamenti, Ichki valyuta bozori operatsiyalari departamenti hamda valyutani tartibga solish va nazorat departamenti boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2017−2019-yillarda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2019-yil may oyidan 2020-yil fevralida vazir etib tayinlangunicha Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

“Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi to‘qqiz kishidan: rais, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari, shuningdek, boshqaruvning ikki nafar mustaqil a’zosidan iborat. Markaziy bank boshqaruvi raisi prezidentning taqdimiga binoan Senat tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.