Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni uy-joy qurilishida aholi mablag‘larini kafolatlash tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Unda keltirilishicha, 2024-yilda 100 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilib, kelasi yili 120 mingta yangi uy qurilishi rejalashtirilgan.

Prezident “talab ko‘pligidan foydalanib, bu sohada insofsiz biznes qilayotganlar ham bor"ligini ta’kidladi. Bunga to‘lov tizimi tartibga solinmagani, raqamlashtirish va ochiq-oshkoralik yo‘qligi sabab bo‘lmoqda.

eskrou, qurilish, uy-joy

“Yangi uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini bank orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchiga berayotgani uchun bu mablag‘lar “soya"da qolyapti. Ko‘p hollarda uylarni topshirish muddati kechikib, aholi to‘lagan pullar “muzlab” turibdi. Ulushdorlik shartnomalari hech qayerda ro‘yxatga olinmay, faqat quruvchining manfaatiga xizmat qilayapti”, — deyiladi xabarda.

Shu bois davlat rahbari 23-sentabr kuni qurilish industriyasi bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda uy-joy sotib olishda aholi mablag‘larini kafolatlaydigan tizim yaratish topshirig‘ini bergan edi. Xususan, prezident banklar uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurish hamda uni egasiga yetkazib berishni kafolatlab, quruvchi va xaridor o‘rtasida kafil bo‘lib xizmat qiladigan eskrou hisobi joriy etilishini ma’lum qilgandi. Yangi tizim Samarqand shahri, Yangihayot va Sergeli tumanlarida bir yil davomida tajribadan o‘tkazilishi belgilangan.

Taqdimotda qayd etilishicha, xorijiy davlatlarda eskrou (“yescrow”) tizimi tajribadan o‘tgan. Unga ko‘ra, buyurtmachi va tijorat banki o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan, har bir qurilish inshooti bo‘yicha eskrou hisobvarag‘i ochiladi. Ko‘chmas mulk uchun kelishilgan mablag‘lar ushbu hisobvaraq orqali amalga oshiriladi. Unda yig‘iladigan mablag‘lar asosida tijorat banklari buyurtmachiga pasaytirilgan foizda kredit taqdim etadi.

Qurilish bitgach, xaridorning hisobvarag‘idagi pul developer tashkilotga o‘tkaziladi. Quruvchi o‘z majburiyatini bajarmagan taqdirda, bu pul egasiga qaytarib beriladi. Ushbu hisobvarag‘da turgan mablag‘larga undiruv qaratilmaydi.

eskrou, qurilish, uy-joy

Prezident takliflarni ma’qullab, bu borada huquqiy asos yaratish, mazkur tizimni qurilishga aloqador vazirlik va idoralarda integratsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.