Tailandda o‘tgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar 11 ta oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Biroq chempionlar safida bo‘lgan Xavasbek Asadullayev finaldagi jangida qilgan qoidabuzarligi uchun diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda 13-dekabr kuni Osiyo boks konfederatsiyasi xabar berdi.
11-dekabr kuni yengil o‘rta vazn toifasidagi (71 kg) final bahsida Xavasbek Asadullayev qozog‘istonlik raqibi Ablayxon Jusupovga qarshi jang qilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Asadullayev IBA o‘yin qoidalarining 21.1.8 bandi bo‘yicha tasniflangan harakat, ya’ni raqibni tishlagani hakam tomonidan e’tibordan chetda qolgan. Qozog‘iston boks federatsiyasi Osiyo chempionatiga bu haqda norozilik xati yuborib, qoidabuzarlikni isbotlovchi surat va videolar borligini ma’lum qilgan.
Qozog‘iston boks federatsiyasi yuborgan norozilikdan so‘ng boks chempionatining texnik vakili, irlandiyalik Sadi Daffi andijonlik Xavasbek Asadullayevni jangdagi jiddiy qoidabuzarligi uchun diskvalifikatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Boks qoidalarining 19.8.1 bandida keltirilishicha, agar bokschi biror sababga ko‘ra diskvalifikatsiya qilingan bo‘lsa, uning raqibi jang g‘olibi deb e’lon qilinadi.
Shunga ko‘ra, konfederatsiya muvaqqat prezidenti Aziz Kojambetov o‘zbekistonlik sportchining diskvalifikatsiya qilinganidan keyin qozog‘istonlik Ablayxon Jussupovni 71 kg vazn toifasida g‘olib ekanini e’lon qildi.
Buning ortidan O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan oltin medallari soni bittaga kamaydi.