Avstriya hukumati vataniga qaytishni istagan suriyalik qochqinlarga 1000 yevrodan to‘lab beradi, dedi Avstriya kansleri Karl Nexammer.

“Avstriya vataniga qaytish istagida bo‘lgan suriyaliklarni 1000 yevrolik bonus bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir mamlakat qayta qurish uchun o‘z fuqarolariga muhtoj”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Nexammerning qo‘shimcha qilishicha, Avstriyadagi suriyalik fuqarolarga nisbatan davom etayotgan boshpana berish jarayonlari to‘xtatib turilishi saqlanib qoladi.

BMTning Qochoqlar bo‘yicha agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Suriyada fuqarolar urushi boshlangan 2011-yildan buyon uning aholisi 130 mamlakatga qochib ketgan. Ularning aksariyati Turkiya, Livan, Iordaniya, Iroq va Misrda, yana bir milliondan ortig‘i Yevropa mamlakatlaridan qo‘nim topgan.

Suriyadagi urush avjiga chiqqan 2015-yilda 1,3 million va 2016-yilda 1,19 million boshpana so‘rab murojaat qilingan, deb yozadi “Vedomosti”.

Suriyada Bashar Asad rejimi qulagandan so‘ng Yevropa davlatlari hukumati suriyaliklarga boshpana berish uchun arizalarni ko‘rib chiqishni ommaviy ravishda to‘xtata boshladi. Avstriyadan tashqari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Shvetsiya va boshqalar arizalarni ko‘rib chiqish to‘xtatilganini e’lon qildi.

Avstriyada 7300 ga yaqin ariza muzlatilgan, mamlakatda esa 100 mingga yaqin suriyalik bor. Avvalroq Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karner o‘z idorasiga “Suriyaga repatriatsiya va deportatsiya” bo‘yicha tartibga solingan dastur tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qilgandi.