Suriyaning ag‘darilgan prezidenti Bashar Asad Moskvaga qochib ketishidan bir necha soat oldin armiya va xavfsizlik xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuvda Rossiyadan harbiy yordam allaqachon yetib kelganini aytgan va harbiylarni o‘zini tutib turishga chaqirgan, deb yozadi Reuters Asadning hokimiyatdagi so‘nggi soatlaridan xabardor bo‘lgan 14 ta manbaga tayanib.

Yordamchilar, amaldorlar va hatto sobiq prezidentning qarindoshlari uning mamlakatdan qochish rejalaridan bexabar bo‘lgan.

O‘tgan shanba, 7-dekabr kuni Asad o‘z ma’muriyati rahbariga aeroportga borishini emas, balki uyga ketishini aytgan, deya tasdiqlamoqda agentlik suhbatdoshlari. Prezidentning ukasi va amakivachchalari ham bundan xabarsiz qolgan, ulardan biri, ehtimol, halok bo‘lgan, deb yozadi Reuters.

Asad Damashqdan transponderlari o‘chirilgan samolyotda Suriyaning Latakiya shahridagi Xmeymim aviabazasiga, u yerdan esa Moskvaga uchib ketgan. Rossiya poytaxtida uni xotini Asma va uch farzandi kutib turardi. Agentlik manbalariga ko‘ra, Rossiya bortida Asad bo‘lgan samolyot Suriya havo hududini tark etishini ta’minlash uchun qo‘shni davlatlar bilan harakatlarni muvofiqlashtirgan.

Asad va’da qilgan Rossiyaning harbiy yordami yoki Suriyaning ittifoqchisi Eronning ko‘magi aslida kutilmagan edi. Qo‘zg‘olonchilar hujumining dastlabki kunlarida, 28-noyabrda, Asad Moskvaga tashrif buyurib, harbiy yordam so‘ragan, ammo Kreml aralashishni istamagan, deb xabar berdi Reuters`ga diplomatlar orasidagi manbalar.

Moskvaga tashrifidan to‘rt kun o‘tib, 2-dekabr kuni Asad Damashqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi bilan uchrashdi. Bu vaqtga kelib, qo‘zg‘olonchilar Halabni o‘z nazoratiga olib, janubga qarab harakat qilmoqda edi. Uchrashuv chog‘ida Asad “oshkora xafa bo‘lgan” va uning armiyasi samarali qarshilik ko‘rsatish uchun juda zaif ekanini tan olgan, deya ta’kidlaydi agentlik suhbatdoshlari. Shu bilan birga, u Isroil vaziyatdan Eron kuchlariga hujum qilish uchun foydalanishi mumkinligini tushunib, mamlakatga Eron qo‘shinlarini kiritishni so‘ramagan.

Barcha variantlarni ko‘rib chiqqach, Asad “o‘zining qulashi muqarrarligiga tan berdi”, deb yozadi Reuters. Dastlab u Arab Amirliklarida boshpana topishga harakat qilgan, biroq BAA xalqaro munosabatlardan qo‘rqib, uni qabul qilishdan bosh tortgan, deya xabar berdi agentlikning Suriya sobiq prezidenti atrofidagi uch manbasi.

  • 8-dekabrga o‘tar kechasi qo‘zg‘olonchilar Suriya poytaxti Damashqqa bostirib kirib, prezident Bashar Asad rejimini ag‘darganini e’lon qildi. U mamlakatni 24 yil, oilasi esa 1971-yildan beri boshqargan.