BMT Taraqqiyot dasturi Yaponiya hukumati ko‘magida “Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlar xavfi va iqlim o‘zgarishiga shaharlarning chidamliligini oshirish” mintaqaviy loyihasini ishga tushirdi, deb xabar qildi tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi matbuot xizmati.
Loyiha O‘zbekistonda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Tashabbus mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va shaharsozlikda innovatsion yondashuvlardan foydalanish orqali iqlim o‘zgarishiga, ayniqsa, shaharlarda chidamlilikni oshirishga qaratilgan. Loyihaning umumiy budjeti 5 million dollardan ortiq bo‘lib, loyihani amalga oshirish 2024−2027-yillarga mo‘ljallangan.
Loyiha yondashuvi shahar muhitini iqlim xavflariga moslashtirishning o‘tkir zaruratini qondirishga qaratilgan bo‘lib, bunda barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadi, deyiladi xabarda.
Maqsadlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda shaharlarni rejalashtirish va tashqi ta’sirlarga chidamlilikni oshirish strategiyalarida o‘zgarishlarga erishishga qaratilgan.
“Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, asr oxiriga borib Markaziy Osiyoda o‘rtacha harorat 3−5 darajaga oshishi mumkin. Bu qor qoplamini kamaytiradi, gidrologik siklni o‘zgartiradi va suv toshqinlari, chang bo‘ronlari va qurg‘oqchilik kabi ekstremal ob-havo hodisalari xavfi, mintaqa ekotizimlari va iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini oshiradi. Yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni yengib o‘tishda oldimizda ko‘p yo‘l bor. Lekin shuni ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyoda mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bunday loyihalar sa’y-harakatlarni birlashtirgan holda tabiat bilan uyg‘unlikda barqaror rivojlanishga erishish imkonini beradi”, — dedi O‘zbekiston ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.
“Yaponiya tabiiy ofatlarni boshqarish (zilzilalar, tayfunlar va suv toshqinlari) bo‘yicha boy tarixga ega bo‘lib, loyihaga tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohasidagi ilg‘or bilim va texnologiyalarni jalb qiladi. Tadbirdan maqsad hamkorlarni tajriba almashish, muammolarni muhokama qilish, hamkorlikning salohiyatli sohalarini o‘rganish va sheriklikni mustahkamlash uchun birlashtirishdir”, — dedi Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Xatori Takashi.
“Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyoning atrof-muhiti, ekologik muvozanati va ijtimoiy-iqtisodiy tizimlariga jiddiy tahdid solmoqda. Mintaqadagi jadal urbanizatsiya iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun shahar infratuzilmasi va rejalashtirish iqlim o‘zgarishiga chidamlilik strategiyalarini o‘z ichiga olishi zarurligini kuchaytirmoqda. Ushbu loyiha doirasida biz ushbu muammolarni hal qilish bo‘yicha yagona mintaqaviy yondashuvni ishlab chiqishga intilamiz”, — dedi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudziya.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharlarning shahar aholisi so‘nggi yigirma yil ichida o‘rtacha 48 foizga ko‘payib, 538 kv km yerni egallagan. Shaharlarning jadal kengayishi elektr ta’minoti, suv ta’minoti, transport, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat ta’minoti kabi muhim infratuzilma obyektlariga yuklamani va ularning iqlim ta’sirlariga zaifligini oshirdi.