Buxoro viloyati IIB Kiberxavfsizlik xizmati xodimlari Jondor tumanida kriptoaktivlar sohasidagi qonunchilikni buzgani uchun 17 yoshli o‘smirni qo‘lga oldi. Bu haqda Milliy telekanalining Millar ko‘rsatuvida xabar berildi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Zarafshon mahallasida yashovchi fuqaro “belgilangan tartibda litsenziya olmasdan” 34 milliard so‘m (2,64 million dollar) miqdoridagi kriptoaktivlarni ishlab topgan.
Viloyat IIB matbuot kotibi Shuhrat Jalolovning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan kriptovalyutalarni noqonuniy muomalaga kiritish bo‘yicha Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi 3-qismi (Juda ko‘p miqdorda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddada 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan.
Bunda tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq qonunchilikka O‘zbekistonda kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish yoki jarimaga sabab bo‘lishi mumkinligi belgilangan o‘zgartirish kiritilgandi.