O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi shtat jadvaliga qo‘shimcha birinchi kotib — O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi vakili lavozimi kiritilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 13-dekabrdagi elchixona faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan.

Yangilikning maqsadi Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida himoya qilishga ko‘maklashish, shuningdek, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi, noqonuniy migratsiya va boshqa turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish masalalarida Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Vakilning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida “o‘zaro ishonch hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga asoslangan” yaqin hamkorlikni kuchaytirish;
  • O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy asosda takliflar tayyorlash, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashish;
  • uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi, noqonuniy migratsiya va jinoyatlarning boshqa turlariga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Rossiya Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, jinoyatlarni fosh etish va ushbu yo‘nalishlarda tezkor axborot almashishni tashkil etishga ko‘maklashish;
  • O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha konsullik funksiyalarini bajarishga ko‘maklashish;
  • jinoyatchilik, huquqbuzarliklar, odam savdosi va noqonuniy migratsiya masalalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning og‘zaki, yozma yoki elektron murojaatlarini O‘zbekiston qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qabul qilish va ko‘rib chiqish.

Vakil prezident bilan kelishilgan holda ichki ishlar vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi. Ichki ishlar organlaridagi faoliyati bo‘yicha vakil O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga bo‘ysunadi.