13-dekabr kuni Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev qiymati 3,7 mlrd dollarlik 18 ta yangi quvvatni ishga tushirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar berdi.
Davlat rahbari faoliyatiga start bergan loyihalar quyidagilar:
- Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya;
Andijon va Farg‘onada 300 megavattli yirik saqlash tizimi (O‘zbekistonda ilk bor bunday tizim ishga tushirilayotgani ta’kidlandi); - Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi;
- Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi;
- Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES.
Bundan tashqari davlat rahbari Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati 3,5 mlrd dollar bo‘lgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvatlari qurilishiga ham start berdi.
Shavkat Mirziyoyev marosimdagi nutqida qiymati 3,7 mlrd dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi.
Prezident ishga tushayotgan quvvatlar va yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 mlrd kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi, 4,6 mln tonna zararli gazlar chiqarilishi oldi olinishini aytdi.
“Eng muhimi — 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 mln dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga turtki beradi. Umuman olganda, kelgusi yili jami 84 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu 2016-yilga nisbatan 25 mlrd kilovatt-soat yoki 1,5 barobar ko‘p deganidir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirda loyihalar Masdar, ACWA Power, Aksa Energy, Xitoy va Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgani aytildi.
“Ularning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, bu bizga va olib borilayotgan islohotlarimizga bo‘lgan ishonchning yaqqol ifodasidir”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida tadbirda shaxsan va videoaloqa orqali qatnashayotgan BAA sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri Sulton Al-Jobir, energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy, Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayraktar, ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan, Aksa Energy kompaniyasi boshqaruvi raisi Jamil Kazanchi, Xitoyning China Energy, China Datang, Germaniyaning Hyper Partners kompaniyalari vakillariga O‘zbekiston xalqi nomidan minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, davlat rahbari bu loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy va texnik ko‘mak bergan Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon bankiga ham alohida tashakkur bildirdi.