Expo Osaka 2025 butunjahon ko‘rgazmasi uchun tayyorlangan O‘zbekiston paviloni Germaniya dizayn mukofotining (German Design Award) “A’lo me’morchilik — yarmarkalar va ko‘rgazmalar” nominatsiyasida oltin mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Taqdirlov sanoat dizayni sohasidagi nufuzli xalqaro mukofotlardan biri bo‘lib, uni har yili Germaniya dizayn kengashi o‘tkazadi. Mazkur notijorat tashkilot 1953-yilda Germaniya hukumati tomonidan tashkil etilgan. Mukofot uchun da’vogarlik qilayotgan loyihalarni dizayn, me’morlik va kommunikatsiyalar sohasida tan olingan mutaxassislardan iborat mustaqil hakamlar hay’ati baholaydi.

expo osaka 2025, германия dizayn мuкофоти, маdanият va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, o‘zbekистон paviloni

“Bilimlar bog‘i” nomini olgan O‘zbekistonning Expo Osaka 2025 ko‘rgazmasidagi milliy pavilonining me’moriy konsepsiyasi Germaniyaning mashhur ATELIER BRÜCKNER studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Loyiha buyurtmachilari O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bo‘lgan.

“ATELIER BRÜCKNER bilan birgalikdagi pavilonmiz Buxoro, Samarqand va Toshkentning abadiy me’morchiligi va Toshkentning modernistik durdonalari bilan yo‘g‘rilgan O‘zbekistonning betakror merosini tarannum etadi, shu bilan birga, kelajakka dadil nigohni o‘zida mujassam etadi. Germaniya dizayn mukofotining oltin medalini qabul qilib olish jamg‘arma uchun muhim bosqich hisoblanadi, bu jahon miqyosida O‘zbekistonning madaniy manzarasini asrab-avaylash, targ‘ib qilish va parvarishlash bo‘yicha bizning ustuvor maqsadimizga urg‘u beradi”, — dedi Madaniyat va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.

Maydoni 750 kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli pavilon qurilishi 2024-yilning mart oyida boshlangan. Uning dizayni barqaror rivojlanish tamoyillariga mos bo‘lib, tabiiy materiallar va modulli konstruksiyadan foydalanish orqali amalga oshirilgan.

Pavilonning loyihasi uchburchak shaklida tayyorlangan bo‘lib, Markaziy Osiyo xalqlariga xos an’anaviy tumordan ilhom olingan. Tumor shunchaki bezak emas, u mintaqa tarixi va an’analarida chuqur ildiz otgan himoya, ma’naviyat va madaniy meros ramzidir, deyiladi xabarda.

8 metr balandlikdagi muallaq yog‘och qurilma o‘rmonni ifodalaydi: u ham boshpana, ham bilim almashish joyi bo‘lib xizmat qiladi. Yog‘och qurilma har tomondan va yuqorisidan ochiq. Razm solish burchagiga qarab kesishgan yog‘och ustun va to‘sinlar o‘ziga xos naqsh va bezaklarni hosil qiladi, bu esa o‘zbek naqshin bezak berish san’atida milliy madaniyatning muhim qismi sifatida ishora qiladi, deya qayd etdi jamg‘arma.

Qurilishda tabiiy va qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan ashyolar: yog‘och, loy va g‘ishtdan foydalanilgan.

expo osaka 2025, германия dizayn мuкофоти, маdanият va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, o‘zbekистон paviloni

Ma’lumot uchun, Expo Osaka 2025 butunjahon ko‘rgazmasi 2025-yil 13-apreldan 13-oktabrgacha Yaponiyada bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 170 dan ortiq davlatning texnologik, fan, iqtisodiy va madaniy yutuqlari muhokama qilinadi. Ko‘rgazma o‘tkaziladigan joy Osaka ko‘rfazidagi sun’iy Yumeshima oroli (yaponchadan tarjimada “Orzu oroli”) bo‘ladi.

Ko‘rgazma mavzusi “Designing future society for our lives” (Hayotimiz uchun kelajak jamiyatni loyihalash) bo‘lib, u ijtimoiy, jumladan, turmush darajasining pastligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohasidagi muammolar va hokazolarni hal qilish jarayonida yuqori texnologiyalardan foydalanishni nazarda tutadi.