Prezident Emmanuel Makron Fransiyaning yangi bosh vaziri etib sobiq adliya vaziri, markazchi “Demokratik harakat” partiyasi yetakchisi Fransua Bayruni tayinladi. Bu haqda Le Monde xabar bermoqda.

BBC 73 yoshli Bayruni “tajribali siyosatchi, ko‘plab tarixiy kitoblar muallifi va Makronning tarafdori” deb ta’rifladi.

Nashrning qayd etishicha, u Makron 2022-yil bahorida ikkinchi muddatga qayta saylanganidan beri to‘rtinchi bosh vazirdir. Avvalgi bosh vazir Mishel Barne o‘z lavozimida uch oydan kamroq ishlagan.

5-dekabr kuni Emmanuel Makron “yaqin kunlarda” yangi bosh vazir tayinlashni va’da qilgandi. Shu bilan birga, o‘zining iste’foga chiqishini istisno etgan va siyosiy inqiroz uchun aybni o‘ta o‘ng hamda so‘l partiyalarga to‘nkagan.

Fransiyadagi siyosiy inqiroz yozdan beri davom etmoqda, chunki navbatdan tashqari saylovlar natijasida na so‘l kuchlar bloki, na Makron boshchiligidagi markazchilar, na Marin Le Pen boshchiligidagi o‘nglar parlamentda ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagan.

Yangi bosh vazirning birinchi galdagi vazifasi 2025-yil uchun budjetni chuqur tarqoqlikka uchragan Milliy majlisda ma’qullatishga erishishdan iborat. Fransuz matbuotining yozishicha, yangi hukumat uchun o‘nglar va so‘llar o‘rtasida muvozanatni saqlash juda qiyin bo‘ladi.

  • 4-dekabr kuni Fransiya Milliy majlisi (parlament quyi palatasi) 1962-yildan beri birinchi marta bosh vazir hukumatiga ishonchsizlik votumi uchun ovoz berdi. U o‘z lavozimida bor-yo‘g‘i uch oy ishladi.
  • Ovozga ishonchsizlik votumi masalasini so‘l “Yangi xalq fronti” koalitsiyasi va o‘ta o‘ng “Milliy birlashuv” partiyasi olib chiqdi. Barnening parlament bilan kelishmasdan 2025-yil uchun ijtimoiy sug‘urta budjetini tasdiqlash qarori bunga sabab bo‘ldi. Buning uchun u Konstitutsiyaning 49.3-moddasini qo‘lladi, bu qonunni parlamentni chetlab o‘tishga imkon beradi, lekin hukumat ishonchsizlik votumiga bardosh bera olsagina.
  • Makron 5-sentabr kuni 73 yoshli Barneni mamlakat bosh vaziri lavozimiga tayinlagandi. Bundan ikki oy oldin Fransiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan. Ularda birinchi o‘rinni “Yangi xalq fronti” so‘l partiyalar koalitsiyasi egallagan, u Milliy majlisda 577 o‘rindan 82 o‘rinni olgan. Ikkinchi o‘rinni Makronning “Birgalikda” markazchilar koalitsiyasi egallagan. Marin Le Pen boshchiligidagi “Milliy birlashuv” boshchiligidagi o‘ta o‘ng partiyalar koalitsiyasi 143 ta o‘rinni qo‘lga kiritgan.