Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bog‘cha va maktab yoshidagi nogironligi bor bolalarning ta’lim bilan qamrovi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gapirdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, ularning ta’lim bilan qamrovi Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida eng past.

Respublika bo‘yicha bunday bolalarni 16,5 mingi maktabga, 17,5 mingi bog‘chaga bormaydi, yana 11 ming bola maxsus maktab-internatlarda ota-onasidan uzoqda o‘qiyapti.

Shuning uchun Ijtimoiy himoya agentligi, MMTV, viloyat hokimlariga 1-fevralgacha har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv ta’lim guruhini ochish topshirildi.

1-sentabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bola ta’lim olishi uchun sharoit yaratiladi.

Ijtimoiy himoya agentligiga harakati cheklangan bolalarga maktabga kelib-ketish xarajatini 75 foizini qoplash tizimini joriy qilish topshirildi.

Shuningdek, mental va jismoniy nuqsoni bor bolalarni o‘qitadigan 90 ta maxsus maktabni ko‘p funksiyali maktabga aylantirish kerakligi ta’kidlandi. Bu orqali nogironligi bor 2 ming bola ota-onasi bilan yashab, yaqin hududdagi maktabda o‘qish imkoniga ega bo‘ladi.

Yangi o‘quv yilidan Toshkent shahrida bitta shunday maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, namuna qilinadi.

O‘sha yig‘ilishda prezident 2025-yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinishi va to‘lovlari qisman qoplab berilishini aytgandi. Shu bilan birga, rektorlarga kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshni o‘qitish topshirildi. Ularning chet tili, IT kabi to‘garaklari xarajatining 80 foizgacha qismi budjetdan to‘lanadi.