Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechilishini ma’lum qildi. Prezident bu haqda 13-dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
“Hozirda 400 ta ko‘p qavatli ijtimoiy uyda 25 ming aholi istiqomat qiladi. Lekin ular yaqin qarindoshlari va odatiy yashash sharoitidan ancha uzoqlashib qolmoqda. Shu munosabat bilan ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechiladi. Ularga o‘zini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat beriladi, xarajati qoplab beriladi”, — deya ta’kidladi prezident.
Yig‘ilishda Ijtimoiy himoya agentligi direktori Mansurbek Olloyorovga bu bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, ayni vaqtda mamlakatdagi kambag‘al oilalardagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj hisoblanadi.
Shu sababdan 2025-yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i faqat kambag‘al oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, ularga tibbiyot, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va daromadini oshirishga sarflanadi.
“Adolat bo‘lishi uchun, endilikda bu mablag‘lar tumandagi kambag‘allar soniga qarab taqsimlanadi. Ijtimoiy daftarlar mablag‘ining 30 foizini tuman hokimlariga „Inson“ markazlari bilan mahalladagi uy-joy, yo‘l, suv va elektrni yaxshilash uchun ishlatishga ruxsat beriladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.