Dunyoning eng ruhlantiruvchi “Top-100” ayoli ro‘yxatiga kirgan Dilorom Yo‘ldoshevani “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda davlat rahbari ishtirokidagi ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Prezident denovlik Dilorom Yo‘ldoshevaning ishlarini e’tirof etdi. Yig‘ilishda uning nogironligi bor bo‘lsa-da, tikuv korxonasini ochib, 40 nafar kambag‘al xotin-qizlarni ishli qilgani haqida so‘z bordi.

“Mana shunday irodali, matonatli insonlarni hammaga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, ular bilan har qancha faxrlansak, arziydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident farmoniga muvofiq, yig‘ilishda Dilorom Yo‘ldoshevaga “Mardlik” ordeni tantanali topshirildi.

Kelgusi yilda bunday insonlar haqida kamida 5 ta motivatsion hujjatli va badiiy filmlar suratga olish muhimligi ta’kidlandi.

Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.