Prezident Bayden 26-sentabr kuni e’lon qilgan xavfsizlik yordami ortishining bir qismi sifatida AQSh ukrainalik hamkorlarimizga shoshilinch ravishda zarur bo‘lgan yana bir muhim qurol va uskunalar paketini taqdim etmoqda, deb xabar berdi davlat kotibi Entoni Blinken.

Mudofaa vazirligi zaxiralaridan oldingi ajratmalar doirasida ko‘rsatilgan bu qo‘shimcha yordam 500 million dollar qiymatga ega va Vashingtondan Kiyevga yordamining 73-paketi sanaladi.

Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, yangi to‘plamga HIMARS reaktiv o‘t ochish tizimlari uchun o‘q-dorilar, dron hujumlarini qaytarish uchun o‘q-dorilar, 105 va 155 mm kalibrli artilleriya o‘q-dorilari, yuqori tezlikda radarga qarshi raketalar, minalarga qarshi transport vositalari, Javelin va AT-4 tankka qarshi tizimlari, granatalar va o‘quv anjomlari; portlatish uskunalari, shuningdek, biologik, kimyoviy, radiologik va yadroviy himoya uskunalari kiradi.

Qo‘shma Shtatlar va 50 dan ortiq davlatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlamoqda, deb ta’kidladi Blinken yordam ajratilganini e’lon qilarkan.

O‘tgan hafta AQSh Ukrainaga 725 va 988 million dollarlik ikkita harbiy yordam paketini ajratgandi. Ularga HIMARS uchun o‘q-dorilar, dronlar, artilleriya o‘q-dorilari va boshqa qurollar ham kiritilgan.

Dekabr oyi boshida AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan amaldagi ma’muriyat iste’foga chiqqunga qadar Ukrainaga jang maydonidagi pozitsiyalarini mustahkamlash uchun resurslar taqdim etish uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qilishini aytgan.

20-yanvar kuni AQShning yangi prezidenti Donald Tramp lavozimga kirishadi, u mojaroni tugatishga va’da bergan va Ukrainaga yordam uchun ajratilayotgan katta miqdordagi xarajatlarni tanqid qilgan.

Noyabr oyi oxirida The Wall Street Journal Jo Bayden ma’muriyati Tramp inauguratsiyasiga qadar o‘zida qolgan barcha mablag‘larni (taxminan 6,5 milliard dollar) Ukrainaga ajratishga ulgurmasligini yozgandi. WSJ`ning Pentagondagi manbasining aytishicha, vazirlik qolgan vaqtda Kiyevga oyiga 500−750 million dollarlik qurol-yarog‘ yuborishni rejalashtirmoqda — bu so‘nggi vaqtdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ko‘p. Bu AQSh o‘z jangovar qobiliyatiga zarar yetkazmagan holda ajratishi mumkin bo‘lgan cheklangan miqdor hisoblanadi.