O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov moliyachi Otabek Bakirovga qarshi prokuratura va IIVga shikoyat arizasi kiritdi. Bu haqda Bakirovning o‘zi xabar qildi.

Uning aytishicha, shikoyat berilishiga Toshkent shahrining Olmazor tumani va Toshkent viloyatining Toshkent tumaniga elektr energiyasi yetkazib beruvchi “Sag‘bon” podstansiyasi bilan bog‘liq maqola sabab bo‘lgan.

Moliyachi ushbu nimstansiyaning doimiy ta’mirlanishi va transformatorlarning almashtirilishiga bir necha bor e’tibor qaratgan (fevraldan maygacha Energetika vazirligi ushbu podstansiyadagi muammolar haqida olti marta xabar bergan).

U “Sag‘bon” nimstansiyasini “Mirzamahmudovning energetiklari zerikib qolsa, transformatorlarini almashtiradigan yoki ta’mirlaydigan stansiya” deb ta’riflagan.

Bakirov, shuningdek, vazirdan “Kreml va “Gazprom”dagi og‘alarga oid vazifalardan bo‘shab”, shaxsan “Sag‘bon” podstansiyasiga kelishni so‘ragan. “U yerda yo milliardlarni o‘pirib turadigan qora o‘pqon bor yo ikkita tumanning yuvilmas qarg‘ishi tekkan”, deb yozgan edi u.

E’tiborli jihati shundaki, post 2023-yil 5-iyunda e’lon qilingan, shikoyat esa 2024-yil 10-oktabrda, ya’ni deyarli bir yarim yildan so‘ng berilgan. Shu bilan birga, ariza berishdan olti kun oldin Mirzamahmudov Otabek Bakirov ham boshlovchilardan biri bo‘lgan “Lolazor” podkastining mehmoni bo‘lgan edi.

“Vazir Mirzamahmudovga ko‘ra, post mundarijasida haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjud va bu bo‘yicha menga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishi lozim”, — deyiladi xabarda.

Bakirov ta’kidlashicha, “Lolazor”ning birinchi soni uchun energetiklarning taklifiga ko‘ra loyiha ishtirokchilari vazirning tashrifi kutilayotgan “Sag‘bon” nimstansiyasida bo‘lib, kichik reportaj tayyorlashgan.

“Nima bo‘lganda ham, o‘shandan keyin bizning Toshkent tumani “Sag‘bon”dan uzilgan va elektr energiyasini boshqa — tumanimizdagi podstansiyalardan olmoqdamiz”, — dedi u.

Moliyachi shikoyat “fuqaro Mirzamahmudov tomonidan emas, balki vazir Mirzahmudov tomonidan berilgan”ini ta’kidladi.

Hozirda ariza Toshkent shahri IIBB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilmoqda. Ekspertiza vazir Mirzamahmudovning arizasida ko‘rsatilgan haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjudligini aniqlashi kerak. Bakirov IIVga tushuntirish va ko‘rsatmalar berganini ma’lum qildi.

“Nima bo‘lganda ham, vazirning xatti-harakatini energotsenzuraga urinish deb qabul qildim, qisqa aytganda, ahvoli tobora og‘irlashayotgan energetikadagi muammolarni yechish, bartaraf etish o‘rniga, tanqidni to‘xtatishga, yopiqlik muhitini yaratishga va kuchaytirishga urinish deb baholayman”, — dedi u.

“Bu urinishlar qancha ma’muriy resurs yo‘naltirilmasin, samarasiz. Hozircha mavjud imkoniyatlar sharoitida energetikadagi og‘ir ahvol haqida o‘rganish, sabablari to‘g‘risida yozish va mas’ullarga yoqimsiz savol berish mumkin ekan, bu davom etaveradi”, — dedi Bakirov.

“Gazeta.uz” Energetika vazirligi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

Otabek Bakirov — taniqli moliyachi va jamoat arbobi. U O‘zbekistonda iqtisodiy masalalar muhokamasida faol ishtirok etib, mamlakat iqtisodiy siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tanqid va takliflar bilan tez-tez chiqishlar qiladi. Bakirov “Bakiroo” Telegram kanalini yuritadi, u yerda o‘zining tahliliy materiallari va fikrlari, shu jumladan, energetika sohasidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashadi.