Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Parij bitimi doirasidagi majburiyatini 2050-yilgacha yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u 13-dekabr kuni Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida gapirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Parij bitimi doirasida 2030-yilgacha mamlakatda zararli gazlar emissiyasini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha majburiyat olgan.

Shavkat Mirziyoyev marosimda start berilgan yangi loyihalar bundan 8 yil avval energetika sohasida boshlangan keng ko‘lamli islohotlarning uzviy davomi ekanini ta’kidladi.

“Ushbu davr mobaynida O‘zbekiston “yashil energetika"da katta-katta qadamlarni qo‘ydi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani natijasida o‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Avval to‘liq davlat tasarrufida bo‘lgan bu tizimda 24 ta mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi subyektlar paydo bo‘ldi”, — dedi prezident.

Davlat rahbari o‘z nutqida “yashil energetika” sohasida bugunga kelib 3,5 ming megavattli yoki 10 mlrd kilovatt soatga teng 16 ta yirik quyosh va shamol elektr quvvatlari ishga tushirilganini qayd etdi. Buning hisobiga 2024-yilda “yashil energiya” ulushi 16 foizdan oshgan. Ya’ni o‘tgan davrda ekologik toza energiya quvvatlarini yiliga 2−3 karra ko‘paytirishga erishilgan.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, 2023-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 mlrd dollarlik tarixiy marrani zabt etganini, keyingi qadam sifatida 2030-yilga borib iqtisodiyot hajmini 200 mlrd dollarga yetkazish reja qilinganini aytdi. Iqtisodiyot hajmi o‘sishi fonida kelgusi 5 yilda mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj hozirgidan 1,5 barobar oshib, 120 mlrd kilovatt soatga yetishi ta’kidlandi.