Yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev juma kuni ijtimoiy himoya sohasi bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Prezident bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Xususan, u kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligini ta’kidladi.

Davlat rahbari maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga 2025-yilda kambag‘allik yuqori mingta mahallada bittadan oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Toyloq va Kosonsoyda “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambag‘al oiladagi va nogironligi bo‘lgan 4 ming 200 nafar bolaga bog‘cha ta’limi berilgan. Viloyat hokimlariga o‘zidagi har bir tumanda bittadan shunday tajribani tashkil qilish topshirildi.

Bundan tashqari, kambag‘al oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Mutasaddilarga 1-martgacha to‘garaklar ochib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlarni o‘qitishni boshlash topshirildi. To‘garak xarajati 80 foizgacha budjetdan qoplanadi.

Prezident kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025-yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligini ta’kidladi. Oliygoh rektorlari ham kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni o‘qitishga bosh-qosh bo‘ladi. Vazir Kongratbay Sharipovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.