Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda 2025-yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmaganini tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev hamma rahbarlar ham ehtiyojmand aholini ishli qilib, daromadini ko‘paytirish, ularga manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tdi. Xabarda aytilishicha, kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning ming nafari natija ko‘rsata olmagan. Ulardan 184 nafari ushbu oilalar xonadoniga biror marta ham bormagan.

Shuningdek, yig‘ilishda nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, bu ishlar Jalaquduq, Chimboy, Pastdarg‘om, Chortoq va Denov tumanlarida qoniqarsiz ekani ta’kidlandi. Mutasaddilarga ushbu tumanlarni namunali qilish, har bir mas’ulga aniq vazifa belgilash bo‘yicha topshiriq berildi.