Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan odamlarning barchasiga qarab turish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Berilgan ma’lumotga ko‘ra, hozirda kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan 23 ming odamga ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-ukasi yoki opa-singlisi qarab o‘tiribdi. 2025-yildan mahalladagi ijtimoiy xodimlar va xususiy sektor ishtirokida bu odamlarni 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarab turish yo‘lga qo‘yiladi.
Natijada yaqiniga qarab turgan 15 ming aholinining ishlashiga sharoit yaratiladi. Xususiy sektor bunday xizmatni ko‘rsatgan kambag‘al oilalar xarajatining 80 foizini davlat qoplab beradi. Bu tajriba Toshkent shahrida kelgusi yil 1-martgacha, boshqa hududlarda 2025-yil yakunigacha yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Avvalroq, bu yig‘ilishda prezident 2025-yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qilgani haqida xabar berilgandi. Shavkat Mirziyoyev viloyat, tuman hokimlariga xatolarni to‘g‘rilash bo‘yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, 2025-yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va to‘lovlari qisman qoplab beriladi. Prezident rektorlarga kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshni o‘qitishni topshirdi. Ularning chet tili, IT kabi to‘garaklari xarajatining 80 foizgacha qismi budjetdan to‘lanadi.