O‘zbekiston xalq artisti, dublyaj san’ati ustasi va aktyor To‘lqin Tojiyev 88 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda Milliy akademik drama teatri.

To‘lqin Tojiyev 1936-yil 13-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1959-yili u Toshkent teatr va rassomlik institutining aktyorlik fakultetini tamomlab, akademik drama teatriga ishga kirgan.

Aktyor “Revizor”, “Hamlet”, “Qirol Lir”, “Otello”, “Alisher Navoiy”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Sarviqomat dilbarim”, “Abu Ali Ibn Sino” spektakllarida turli obrazlarni yaratgan. “Mahallada duv-duv gap”, “Alangali yillar”, “Besh og‘aynilar”, “Qora baliq izi” kabi filmlarida rol ijro etgan.

1955-yildan buyon mingdan ortiq badiiy filmlarni o‘zbek tiliga dublyaj qilishda ishtirok etgan. Xususan, “Qilich va qalqon”, “Afonya”, “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi”, “Sizdan ugina, bizdan bugina”, “Nofelet qayerda?”, “Avtomobildan saqlaning”, “Kanonir Dollasning sarguzashtlari”, “Sadoqat”, “Fillar mening do‘stlarim”, “Ram va Sham” kabi kinolarga ovoz bergan.

Bundan tashqari, radioda “Tabassum” eshittirishi va “Qarmoq” satirik jurnalida ham chiqishlar qilgan.

U 1988-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni, 1997-yilda esa “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.