O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofaviy videouchrashuvga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, 13-dekabr kuni palataning Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qilgan.

Hujjat Jinoyat-ijroiya kodeksining tegishli moddalariga Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga masofali videouchrashuv yo‘li bilan onlayn uchrashish imkoniyatini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Bunda masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvlar miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Xususan, loyihada manzil-koloniyalar hamda tarbiya koloniyalaridagi mahkumlarning yil mobaynida yigirma to‘rt marta masofali videouchrashuvlar olish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.

Qonun tashabbuskorlarining fikricha loyihadagi mazkur o‘zgartirishlar jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning masofali videouchrashuv yo‘li bilan oila a’zolari va yaqinlari bilan doimiy aloqalarini ta’minlashga, oilaviy munosabatlarini saqlab qolishga, shuningdek, tuzalish yo‘liga o‘tishiga ko‘maklashishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanayotgani aytilgan.