Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yo‘lovchi tashish narxlarining keskin ko‘tarilishi sababli YandexGo UB (Yandex Go taksi xizmati) kompaniyasiga ogohlantirish yubordi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda platformada taksida yo‘lovchi tashish xizmatlari narxlari oshishi kuzatilmoqda. Ushbu holat yuzasidan iste’molchilardan qo‘mitaga murojaatlar kelib tushgan.

Holatlar yuzasidan platformaning dekabr oyidagi dastlabki 10 kunlik xizmat narxlari monitoring qilinganda, narxlar dinamikasida keskin o‘zgarish kuzatilgani aniqlandi.

Oktabr oyida qo‘mita Yandex Go (Yandex Eats hamda Express24 qatori) kompaniyasini xizmat bozorida ustun mavqega ega (monopol) deb topgan. “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga asosan, ustun mavqega ega deb e’tirof etilgan xo‘jalik yurituvchi subyektning ustun mavqeini suiiste’mol qilish, xususan monopol yuqori narx belgilash taqiqlanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, qo‘mita Yandex Go`ga taksi narxlarini pasaytirish bo‘yicha chora ko‘rish va platforma narx algoritmini qayta ko‘rib chiqishi bo‘yicha ogohlantirdi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasiga fuqarolardan taksi xizmatlari sifati pastligi, to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar, haydovchilarning qo‘pol muomalasi va narxlar asossiz oshirib yuborilishi yuzasidan murojaatlar kelib tushgandi. Ular orasida Yandex Go xizmati ham qayd etilgandi.