O‘zbekiston Energetika vazirligi birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi to‘rt barobar oshirilganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq vazirlik sovuq havo oqimi natijasida ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz zapravkalar) faoliyatiga kiritilayotgan qisqa muddatli cheklov munosabati bilan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi vaqtinchalik ikki karra oshirilgani haqida xabar bergandi.
14-dekabr kuni vazirlik 6-dekabrgacha birja savdolariga chiqarilayotgan Ai-80 rusumidagi avtobenzin hajmi 2000 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, bu miqdor 10-dekabr kunidan boshlab o‘rtacha to‘rt barobar oshirilib, hozirgi vaqtda birjaga 8000 tonnadan Ai-80 benzini qo‘yib borilayotganini qayd etdi.
“Birja savdolariga joylashtirilayotgan avtobenzin hajmini talab va taklifdan kelib chiqib, yanada oshirish imkoniyati mavjud”, — deyiladi xabarda.
Birja savdolariga chiqarilayotgan Ai-80 benzini taklifi 8 kuni ichida 4 baravarga oshganiga qaramay, uning narxida deyarli o‘zgarish bo‘lmadi.
Infografika: Tovar-xomashyo birjasi
Tovar-xomashyo birjasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, birjada:
- 5-dekabr kuni tonnasi 9,4 mln so‘mdan 2158 tonna;
- 6-dekabr kuni tonnasi 9,3 mln so‘mdan 4185 tonna;
- 10-dekabr kuni tonnasi 9,3 mln so‘mdan 4222 tonna;
- 11-dekabr kuni tonnasi 9,3 mln so‘mdan 7193 tonna;
- 12-dekabr kuni tonnasi 9,4 mln so‘mdan 8119 tonna;
- 13-dekabr kuni tonnasi 9,3 mln so‘mdan 7945 tonna Ai-80 benzini sotilgan.