Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi buyum bozorida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, FVBga 14-dekabr kuni soat 03:03 da Bog‘dor mahallasida joylashgan yengil tipdagi konstruksiyadan yasalgan kiyim-kechak do‘konlarida yong‘in bo‘layotgani haqida xabar tushgan.

Shunga ko‘ra 13 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 03:07 da hodisa joyiga yetib borgan. U soat 03:50 da o‘rab olingan va soat 05:00 da bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va vafot etganlar yo‘q, deyiladi xabarda. Hozirda hodisa sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Avvalroq, 7-noyabr kuni Urganch tumanining Gurlan ko‘chasidagi kiyim do‘konlarida yong‘in chiqqandi. 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borib, 1 soat ichida alangani o‘chirgan. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan.