Gruziyada saylovchilar kollegiyasi yangi prezidentni sayladi — u “Gruzin orzusi” hukmron partiyasi tomonidan ilgari surilgan sobiq futbolchi va deputat Mixail Kavelashvili bo‘lib, yagona nomzod edi.
Gruziya Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Kavelashvili 224 nafar saylovchining ovozini olgan, bitta byulleten haqiqiy emas deb topilgan. Kavelashvilini saylash uchun kollegiyaning 300 a’zosidan kamida 200 ovoz olish kerak edi.
“Gruziya qonunchilari G‘arbning ashaddiy tanqidchisi Mixail Kavelashvilini prezident etib sayladi va o‘tgan oyda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar to‘xtatilgani sababli katta norozilik namoyishlari fonida uni amaldagi g‘arbparast prezident (gap Salome Zurabishvili haqida — tahr.) o‘rniga tayinladi”, — deb yozdi Reuters.
53 yoshli prezident — futbol bo‘yicha Rossiya (“Spartak‑Alaniya” safida 1 karra) va Gruziya (6 karra) chempioni, u Tbilisining “Dinamo” jamoasida o‘ynagan. 2016-yildan beri Kavelashvili “Gruzin orzusi”dan parlament deputati bo‘lgan, 2022-yilda esa hukmron “Xalq kuchi” partiyasidan “ajralib chiqqan” partiyaga rahbarlik qilgan. Aynan shu partiyadan saylangan deputatlar Gruziyaning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunini ko‘rib chiqish tashabbusini ilgari surgandi.
Ovoz berish paytida parlamentda Kavelashvilining tayinlanishiga qarshi norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi; muxolifat saylangan prezidentni oliy ma’lumotga ega bo‘lmagani uchun tanqid qilmoqda. Shuningdek, 17 kundirki Gruziyada Yevropa integratsiyasini qayta tiklash va parlamentga yangi saylov o‘tkazish talabi bilan aksiyalar o‘tkazilmoqda.
Prezident saylovi arafasida yuzlab namoyishchilar parlament tashqarisida to‘plandi. Ba’zilari tashqarida futbol o‘ynashar va Kavelashvilining sport karerasiga masxaraomuz ishora sifatida parlament binosi oldida qizil kartochkalarni silkitishardi, deya qayd etdi Reuters.
Gruziyaning oltinchi prezidenti besh yil muddatga saylanadi. Inauguratsiya 29-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Bunga qadar parlament legitimligini tan olmaydigan Gruziyaning amaldagi prezidenti Salome Zurabishvili mamlakatda yangi parlament saylovlari o‘tkazilmaguncha o‘z lavozimidan ketmasligini ma’lum qilgan edi. Zurabishvili Gruziyadagi so‘nggi to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovlarda 2018-yilda saylangan. Shundan so‘ng Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi va endi saylovlar yangi tizim bo‘yicha — ko‘pchilik hukmron “Gruzin orzusi” vakillari bo‘lgan kollegiya ishtirokida o‘tmoqda. Uning qolgan a’zolari — Gruziya parlamenti Oliy kengashlari va shahar kengashlari, shuningdek, Adjariya va Abxaziya avtonom respublikalari vakillaridir.
26-oktabr kuni Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, unda hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi. Muxolifat natijalarni tan olmadi va ularni soxta deb hisobladi.
Hokimiyatdagi partiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini 2028-yilgacha to‘xtatish harakati mamlakat konstitutsiyasiga yozilgan uzoq yillik milliy maqsadni to‘satdan to‘xtatib qo‘ydi, bu Gruziyada keng ko‘lamli norozilikni keltirib chiqardi. Reuters`ning yozishicha, u yerda jamoatchilik so‘rovlari Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilish juda yuqori ekanini ko‘rsatgan.