Yoshlar ishlari agentligi 2024-yilda British Counsil hamda IDP IELTS imtihonida ingliz tilidagi bilimlarni baholash bo‘yicha IELTS sertifikatini olgan o‘zbekistonlik yoshlarning sonini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur imtihonlarda 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 2020-yilda 10 ming 152 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 52 ming 706 nafarga yetgan. Ya’ni 4 yilda 5 barobarga o‘sish kuzatilgan.
Xususan, 2024-yilda 28 ming nafardan ortiq 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar IELTS`dan 5,5 va 6 ballni qo‘lga kiritgan. Bu natija OTMlarning bakalavriat bosqichiga topshirishda chet tilidan maksimal ball olish uchun yetarli hisoblanadi.
Shuningdek, 7−8 ball (C1 daraja)ni qo‘lga kiritganlar soni 2020-yilda 1807 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil holatiga 13 ming 424 nafarga yetdi. O‘z navbatida bu 7,4 barobarga o‘sish kuzatilganini anglatadi.
IELTS`dan 8,5−9 ball (C2 daraja)ga erishganlar soni esa 2020-yilda 14 nafar bo‘lgan, 2024-yil holatiga ko‘ra, ularning soni 332 nafarga yetdi. Jumladan, 2024-yilda mazkur imtihondan 22 nafar yosh maksimal ball oldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021-yil 1-maydan boshlab IELTS, TOEFL, GMAT, GRE va SAT imtihonlaridan yuqori ball to‘plagan yoshlarga imtihon xarajatlari to‘liq qoplab berilmoqda. Bunda imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun ularning har biri bo‘yicha minimal ko‘rsatkich belgilangan. Misol uchun, IELTS orqali bilimlarini sinab ko‘rgan yoshlar kompensatsiya olishi uchun kamida 7 ballik sertifikatni qo‘lga kiritishi kerak.
2023-yil 3-mart kuni O‘zbekistonda ilk bor IELTS imtihonida 9 balli natija qayd etilgani xabar qilingandi.