Janubiy Koreya parlamenti prezident Yun Sek Yolning impichmentini qo‘llab-quvvatladi. Uning lavozimidan chetlatilishi uchun 204 deputat ovoz berdi.
300 nafar qonun chiqaruvchining barchasi ishtirok etdi, 204 nafari “yoqlab,” 85 nafari “qarshi” ovoz berdi, 3 nafari betaraf qoldi, 4 ovoz haqiqiy emas deb topildi.
Janubiy Koreya qonunchiligiga ko‘ra, Yun Sok Yol darhol o‘z vakolatlarini yo‘qotadi va bosh vazir prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ladi.
Ish ko‘rib chiqish uchun Konstitutsiyaviy sudga yuboriladi, u yerda sud jarayoni olti oygacha cho‘zilishi mumkin. Kengashning to‘qqiz a’zosidan oltitasi impichmentni qo‘llab-quvvatlasa, prezident lavozimidan butunlay chetlatiladi.
Agar sud prezidentni lavozimidan chetlatsa yoki u iste’foga chiqsa, saylov 60 kun ichida o‘tkazilishi kerak.
“Umid qilamizki, yil oxiri quvonchliroq bo‘ladi va barcha bekor qilingan bayramlar qayta tiklanadi”, — dedi sessiya yakunida parlament spikeri U Von Sik. “Koreya Respublikasining kelajagi va bizning umidimiz xalq qo‘lida”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ovoz berish boshlanishidan oldin parlament binosi oldida namoyishchilar yig‘ila boshladi. Prezident impichmenti haqidagi xabarni yig‘ilganlar shodiyona qichqiriqlar va mushakbozlik bilan kutib oldi.
Janubiy Koreyadagi prezident oxirgi marta 2016-yilda impichment natijasida lavozimidan chetlatilgan edi. Gap Pak Kin Xe haqida ketmoqda. O‘sha paytda prokuror lavozimini egallab turgan Yun Sok Yolm tergovga rahbarlik qilgan korrupsiya mojarosi uning impichmentiga sabab bo‘lgan.
Ikki kun avval Janubiy Koreya prezidenti harbiy holat joriy etish qarori “davlat ishlarini normallashtirish” uchun to‘g‘ri va zarur bo‘lganini aytgandi. U isyon ko‘tarishda ayblanish va iste’foga chiqishga da’vatlarni rad etib, oxirigacha kurashishga va’da bergan edi.
- 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
- Parlament deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, uni bekor qilish uchun ovoz berdi, shundan so‘ng prezident o‘z farmonini qaytarib olishga rozi bo‘ldi.
- 4-dekabr kuni muxolifatdagi partiyalar parlamentga Yun Sok Yol impichmenti bo‘yicha taklif kiritdi. Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi (jami 300 o‘rin) ovoz berishi kerak.
- Shuningdek, Janubiy Koreya politsiyasi Yun Sok Yolni davlatga xiyonatda gumon qilib, tergov boshlagani ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik prezidentga mamlakatdan chiqish taqiqlandi.