Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11-dekabr kungi yig‘ilishida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga transport vositalari haydovchilarining jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzgani uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ushbu qonun jamoat transportida yo‘lovchilarga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish va jamoat transporti harakati ustuvorligini hamda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi, deb qo‘shimcha qildi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapov quyi palata majlisida.

Ramazon Ashrapov.Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmatiRamazon Ashrapov.
Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Mutasaddining ma’lum qilishicha, taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, MJTK 128-modda prim-7 bilan to‘ldirilmoqda. Unda belgilab qo‘yilishicha:

  • Transport vositalari haydovchilarining jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzishi bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Yondosh hududdan chiqib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘lakni bo‘shatgan holda yo‘lning qatnov qismiga o‘tayotgan transport vositalariga yo‘l bermaslik bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida jarima solishga olib keladi.

Ashrapovning ma’lumotlaridan keyin deputatlar tomonidan qonun ishlab chiquvchilariga turli savollar berildi. Shu o‘rinda, Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov qonun loyihasiga nisbatan bir qancha e’tirozlar bildirdi. Uning ta’kidlashicha, oxirgi vaqtlarda Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan ishlab chiqilgan ko‘plab tashabbuslar qonunchilikka kiritilmoqda.

“Afsuski, bu normalarning barchasi chegaralovchi, imkoniyatni cheklovchi, taqiqlovchi va jazoni kuchaytiruvchi tashabbuslardir. Imkoniyat yaratadigan, liberallashtiradigan fikrlarni kamroq uchratyapmiz. 128-modda bor. Unda haydovchilarga aniq javobgarlik belgilangan. Agar jamoat transporti uchun yo‘lak ajratilsa, unda belgi bo‘ladi. Bu yerga kirish mumkin bo‘lmaydi. Tabiiyki, bu orqali avtomatik ravishda javobgarlik belgilanadi. Haydovchilarga hamma narsaga alohida-alohida javobgarlik belgilangan. Xalqaro tajriba boshqacharoq, chet elda bu borada aniq mexanizmlar ishlangan. Biz mashina boshqaruvchilarning har bir harakatiga javobgarlik o‘rnataversak, oxiri nima bo‘ladi? Shirinov javob bering-chi”, — deya savol berdi quyi palata spikeri Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinovga.

U spikerning savoliga javob qaytarar ekan, ushbu qonun loyihasi ham kamchiliklardan xoli emasligini ta’kidladi. Shirinov yangi tartib jamoat transportidan foydalanish tizimini yanada qulay qilishini aytdi.

Jahongir Shirinov.Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmatiJahongir Shirinov.
Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

“Qo‘mitadagi muhokamalarda ham juda ko‘p savollar kelib chiqdi. Manfaatdor idoralar vakillarini ham chaqirib maslahatlashdik. Ayniqsa, deputatimiz aytganidek, yondosh hududdan chiqib kelish masalasida qiyinchiliklar tug‘ilmoqda. Shu bilan birga, qonun loyihasi g‘oyasi juda ham dolzarb”, — dedi Shirinov.

Uning ta’kidlashicha, qonun xalqqa xizmat qiladi.

“Bu qonun jamoat transportidan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Aytilganidek, bunday harakatni kvalifikatsiya qilishda MJTKning boshqa moddalari bilan tavsiflash mumkin degan variant ham ko‘rib chiqildi. Ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri mos kelmasligini aniqladik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Nuriddin Ismoilov qo‘mita rahbarining javobini tinglagach, umumiy tasdiqlangan yo‘l qoidalari borligi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yana qo‘shimcha modda kiritish zaruriyati nima sababdan tug‘ilganini so‘radi. U yangi modda sababli haydovchilar bitta qoidani buzib, ikki marta jarimaga tortilishi mumkinligini bildirdi.

“Demak, kirish mumkin bo‘lmagan yo‘lakka kirmasin, kirib qolsa, javob bersin. Agar bunda jazo yengil bo‘lsa va uni og‘irlashtirmoqchi bo‘lsangizlar, boshqacha yozish kerak edi. Ya’ni yo‘l belgilarini buzmaslik, deb ham qo‘shish kerak edi. Bu holatda haydovchi birvarakayiga ikkita huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lyapti. Yo‘l belgisiga amal qilmayapti, shu bilan birga, jamoat transportiga ajratilgan yo‘lda harakatlanish qoidasini buzmoqda. Sohani tartibga solish kerak deyilyapti, respublikada bunday yo‘laklar 48 km masofani egallaydi. Ertaga saylovchilarga nima deymiz? Saylovchilar sizlar qachongacha jazoni oshiraverasizlar, deb so‘raydi-ku. Bunga javob bera olishimiz kerak”, — deya ta’kidladi spiker.

Muhokama jarayonida deputatlar orasidan o‘z fikrini bildirish uchun Ilhom Abdullayev so‘z so‘radi. Uning fikricha, har bir qonun uchun qabul qilish vaqti bo‘ladi. Deputat g‘oya yaxshi bo‘lsa ham, qabul qilinayotgan sharoit va davrga mos kelmasligi salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etgan.

“Qonunning qabul qilinishi tirbandlikda qolib ketgan avtotransport vositalarining egalari uchun jarima miqdorini oshiradi, biroq yo‘lovchi tashish hajmini ko‘paytirmaydi. Bu haqda gapirishimiz kerak. Avtobus har besh daqiqada bir marta belgilangan yo‘lakdan o‘tadi. Hamma mashinalarni bir yoki ikki qatorga tizib qo‘yib, jarimalarni BHMning besh barobarigacha oshirmoqchimiz. Bu mumkinmi? Menimcha, bunda mutlaqo mantiq yo‘q”, — deya ta’kidladi Abdullayev.

Bundan tashqari, muhokama jarayonida “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov ham ishtirok etdi. U Nuriddin Ismoilovning ham, Ilhom Abdullayevning ham fikrlariga qo‘shilmasligini bildirdi. Qodirovga ko‘ra, jamoat transporti uchun yo‘laklar ajratilishi jahon tajribasida o‘zini oqlagan. Ayniqsa, Yevropa shaharlarining tor ko‘chalarida bu tajriba ijobiy qo‘llanmoqda.

U qonunchilikdagi yangi norma tirbandlikning oldini olish uchun qilinmayapti. “Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning strukturasini buzyapti, deb hisoblamayman, har qanaqa qonunchilik xalqimizga xizmat qilishi kerak”, — deya fikrlarini izohladi Alisher Qodirov.

“Ko‘ryapsizlar, qo‘mitaga ikkinchi o‘qish uchun ham ko‘plab masalalar bor. Iltimos qilaman, yo‘l harakati xavfsizligiga oid har qanday norma jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi kerak. Chunki har bir oilada mashina bor, juda ko‘p aholi transport vositasini boshqaradi va har birimiz yo‘l harakati ishtirokchisi hisoblanamiz”, — deb qayd etdi Nuriddin Ismoilov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qo‘mita vakillari ushbu qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilishni so‘ragan. Spiker bo‘lsa, qonun ijodkorlaridan loyihani chuqur qayta tahlil qilishni va ikkinchi o‘qishgacha bildirilgan e’tirozlarni inobatga olgan holda tayyorlashni so‘ragan.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 100 dan ortiq deputat ushbu qonun loyihasini yoqlab ovoz berdi. 16 nafar deputat qarshi chiqdi, 13 nafar deputat betaraf qoldi, 2 nafar deputat ovoz bermadi. Shu tariqa, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.