2024-yil boshidan buyon 17 davlatda 54 nafar jurnalist xizmat vaqtida halok bo‘ldi. Bu haqda “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti hisobotida aytiladi.
Jurnalistlarning yarmidan ko‘pi (31) jangovar zonalarda halok bo‘ldi, bu 2020-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘tgan yili jurnalistlar uchun eng xavfli hudud 16 jurnalist o‘ldirilgan G‘azo sektori bo‘ldi. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko‘ra, ular Isroil armiyasi tomonidan o‘ldirilgan.
Dunyoda 550 nafar jurnalist qamoqda. 2024-yilda hibsga olinganlar soni 7,2 foizga oshgan. Bunga Rossiya (yiliga +8 kishi) va Isroilda (+17) jurnalistlarni qamoqqa olishning yangi holatlari sabab bo‘ldi.
Hibsga olingan jurnalistlarning deyarli yarmi to‘rtta davlatda qamoqda: Xitoy (124 nafar, jumladan, Gonkongda 11 nafar), Myanma (61), Isroil (41) va Belarusda (40). Matbuot xodimlarining umumiy jazosi 250 yillik qamoqqa teng.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 55 jurnalist garovda, ulardan 38 nafari Suriyada. 34 davlatda 95 nafar jurnalist bedarak yo‘qolgan.
“Jurnalistlar o‘lmaydi, o‘ldiriladi, ular hokimiyat tomonidan qamalgan; ular g‘oyib bo‘lmaydi, o‘g‘irlanadi. Ko‘pincha hukumatlar yoki qurolli guruhlar tomonidan uyushtirilgan bunday holatlar xalqaro huquqni buzadi va aksar hollarda jazosiz qoladi”, — dedi tashkilot bosh direktori Tibo Brutten.