O‘zbekiston Adliya vazirligi media mahsulotlarni “ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish” loyihasi joriy etilishi haqidagi xabarlarga javoban media mahsulotlar faqat qonuniylik yuzasidan ekspertiza qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.

Adliya vazirligi mazkur masala o‘rganganda, unda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi umummajburiy kuchga ega bo‘lgan huquqiy normalar belgilangani aniqlandi.

“Amaldagi qonunchilikka muvofiq, vazirlik va idoralarning shunday turdagi huquqiy hujjatlari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bu turdagi hujjatlar tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Adliya vazirligi xabarida keltirilishicha, media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror ushbu hujjatni qabul qilgan organlar tomonidan bekor qilingan va ijrodan chaqirib olingan.

Shu bilan birga, Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari tomonidan turli manbalarda tarqatilgan media mahsulotlarning amaldagi qonunchilikka zidligi aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish yuzasidan tahliliy fikrlar tarzida vakolatli organlarga belgilangan tartibda taklif kiritib borish maqsadga muvofiqligi haqida tavsiyalar berilgan.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi noyabr oyi boshida “Ma’naviyat ekpertizasi” joriy etilishini e’lon qildi. Loyihani senzura sifatida qabul qilgan jamoatchilik va ijodiy soha vakillarining tanqididan so‘ng markaz ekspertlar guruhi faqat tavsiyalar berishini ma’lum qildi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “ma’naviyat ekspertizasi” loyihasi hozir xalq muhokamasida, mazkur tartib bo‘yicha hali uzil-kesil qaror qabul qilinmaganini aytdi (garchi Ma’naviyat va ma’rifat markazi loyiha ish boshlaganini e’lon qilgan bo‘lsa ham). “Senzurani xalq talab qilyapti, biz emas. Xalq so‘rayapti”, deb qo‘shimcha qildi vazir.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi shu kunlarda (12-dekabr) ekspertlar guruhi tarkibini qayta ko‘rib chiqish va davlat idoralari mutaxassislaridan tashqari jamoatchilik vakillarini ham kiritishini ma’lum qilgandi.