15−17-dekabr kunlari butun O‘zbekiston bo‘ylab joriy qish mavsumida birinchi marta tungi haroratlar -10 darajadan pasayib ketuvchi sovuqlik to‘lqini kuzatiladi. Ammo bu anomal sovuqlik to‘lqini emas.

“O‘zgidromet” ham anomal sovuqlikdan emas, balki ob-havoning keskin o‘zgarishi, sovuq tushishi bilan bog‘liq kutilmalardan kelib chiqib, tezkor gidrometeorologik axborot ishlab chiqdi. O‘zi “anomal sovuqlik” atamasi qachon, qanday vaziyatlarda qo‘llanadi — shu haqda qisqacha tushuntirish berib o‘tsak.

Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-avgustdagi “Gidrometeorologiya va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida ixtisoslashtirilgan xizmatlar ko‘rsatish reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” 501-son qarori 4b-ilovasida O‘zbekistonda qachon anomal issiqlik yoki anomal sovuqlik kuzatilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Manba: Lex.uzManba: Lex.uz

Shunday qilib, “anomal sovuq” iborasi O‘zbekistonda oktabrdan aprel oyiga qadar bo‘lgan davrda arktik sovuq oqimlar ortidan o‘rtacha sutkalik havo harorati orqama-ketin kamida 5 kun ana shu davr uchun xos bo‘lgan so‘nggi 30 yillikdagi o‘rtacha sutkalik haroratdan 7 darajaga pasayib ketsagina qo‘llaniladi.

Respublika hududi geografik joylashuvi turlicha bo‘lgani hamda sovuq oqimlar respublikaga doim bir xilda ta’sir ko‘rsatmasligi inobatga olinsa, bu kabi anomal sovuqlik to‘lqini respublikada doim ham kuzatilavermaydi. Masalan, O‘zbekistondagi so‘nggi anomal sovuq 2023-yil yanvar oyi o‘rtalarida kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda haqiqatan ham respublikaning deyarli barcha qismida orqama-ketin 5 kun o‘rtacha sutkalik havo harorati iqlimiy me’yordan 7 darajadan past kuzatilgan. Bu esa deyarli barcha tarmoqlarda turli muammolarni keltirib chiqargan edi.

Kutilayotgan joriy sovuqlik to‘lqini ropa-rosa bir yil avvalgi ob-havo o‘zgarishlariga juda o‘xshash. Shuning uchun joriy sovuq havo oqimining tarmoqlarga ta’sirini baholashda 2023-yil 9−14-dekabr sanalaridagi sovuqlik omili oqibatlariga nazar tashlash va o‘shanda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni takrorlamaslik maqsadga muvofiqdir.

Bir yil avvalgi eng sovuq to‘lqin va hozir kutilayotgan sovuqlik o‘rtasidagi o‘xshashlik

2023-yilning 5-dekabrida “O‘zgidromet” 9−14-dekabr kunlari respublika hududlarida keskin o‘zgaruvchi ob-havo o‘zgarishi bilan bog‘liq ogohlantirish e’lon qilgan. Xabarda 9−11-dekabr kunlari hududlarda yomg‘ir-qor yog‘ishi, 12−14-dekabrda esa haroratning keskin pasayishi joylarda tunda harorat −10…−13 daraja, kunduz −3…−8 daraja pasayishi, shimolda kechasi harorat minimumi −15…−20 darajagacha pasayishi ta’kidlangan edi.

“O‘zgidromet”ning 2024-yil 15−17-dekabr kunlari uchun ishlab chiqqan 12-dekabrdagi tezkor gidrometeorologik xabarida ham bir yil avvalgi ob-havo o‘zgarishlariga o‘xshash raqamlar keltirilgan. Jumladan, kelayotgan 16−17-dekabr kunlari kechasi −8…−13 daraja, ba’zi joylarda -15 daraja sovuqqacha, kunduz esa −0…−5 daraja sovuq bo‘lishi prognoz qilingan.

иқлим, ob-havo, ob-havo шарҳи, эркин аbдулаҳатов

“O‘zgidromet”ning ogohlantirish xabarida 15-dekabr kuni joylarda yomg‘ir-qor yog‘ishi, kuchli shamollar bo‘lishi, ayrim hududlarda shamolning tezligi soniyasiga 20−25 metrgacha yetishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Dekabrdagi birinchi jiddiy sovuq oqimidan farqli o‘laroq, bu safargi nam havo oqimlari joylarga ko‘proq yog‘ingarchilik bilan kirib kelishi kutilmoqda. Shuning bois ob-havo agentligi o‘z xabarida yo‘llarda yaxmalak hodisalari ham kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

иқлим, ob-havo, ob-havo шарҳи, эркин аbдулаҳатов

O‘zbekistonda 2024-yil 9−11-dekabrdagi birinchi jiddiy sovuq oqibatlari

O‘zbekistonda o‘tgan sovuq antitsiklonning 9−11-dekabr kunlari mintaqaga chuqur kirib kelishi hududlarda -6 daraja sovuqdan -22 darajagacha sovuqni taqdim etdi. Masalan, 11-dekabr respublikaning katta qismiga kuchli sovuqlikni taqdim etgan antitsiklon tonggi muddatlarda hududlarda mavsum uchun ilk eng sovuq haroratlar qayd etilishiga olib keldi.

9-dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Oygaing” baland tog‘ kuzatuv stansiyasida havo harorati minimumi Selsiy bo‘yicha -26,1 daraja sovuqqacha pasaydi — bu joriy sovuqlik to‘lqinida kuzatilgan eng sovuq haroratdir. Ushbu stansiya aholi yetib borishi qiyin bo‘lgan tog‘li hududda joylashgan bo‘lib, stansiyaga eng yaqin aholi yashash punkti undan salkam 80 kilometr uzoqlikdagi Pskom shaharchasidir.

O‘tgan sovuqlik to‘lqinidagi birinchi zaif tarmoq energetika berdi. Masalan, tarmoq 9-dekabrdan metan gaz-zapravkalar faoliyatiga reja-grafik asosida cheklovlar kiritishga majbur bo‘ldi. Havo haroratining keskin pasayib ketishi issiqxonalar faoliyatida ham turli muammolarni keltirib chiqardi. Xususan, “Hududgazta’minot” korxonasining Samarqand viloyati filiali sovuq kunlarda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan uzluksiz ta’minlash uchun issiqxonalarga gaz yetkazib berishni 50 foizgacha qisqartirishi haqida ogohlantirish chiqargan.

Bir qator xalqaro prognostik ob-havo modellari 12-dekabr kuni Rossiyaning Samara shahrida markazida atmosfera bosimi 995 gPa gacha bo‘lgan sovuq nam havo oqimi shakllanganganligini tasdiqlovchi kosmik tasvirlarni uzatdi. Ushbu oqim Volgabo‘yi hududlari orqali 14-dekabr kuni dastlab O‘zbekistonning shimoliga, 15-dekabr kuni esa mamlakatning qolgan aksariyat qismiga yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklarni olib kiradi. O‘zgidrometning 13-dekabr kuni uchun yangilangan boshqa bir prognozida ham 15−16-dekabr kunlari respublikaning katta qismida avvaliga yomg‘ir, keyinroq qor yog‘ishi ma’lum qilingan.

Manba: Windy.comManba: Windy.com

“O‘zgidromet”ning boshqa bir prognozi va Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, 15-dekabr kuni chorak sutkada respublikaning ayrim hududlarida 10−50 millimetrgacha kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi keltirilgan. Bu, 1 gektar maydonga atmosferadan tabiiy ravishda 100−500 tonna suv tushishini anglatadi. Markazning yana bir boshqa prognozida O‘zbekiston 16−17-dekabr kunlari markazidagi atmosfera bosimi 1055 gPa gacha bo‘lgan sovuq antitsiklonning janubi-g‘arbiy chekkasi ta’sirida bo‘lishi ko‘rsatilgan. Aynan shu ta’sir O‘zgidromet prognoz qilganidek, O‘zbekistonda havo haroratining keskin pasayib ketishini keltirib chiqaradi.

Kutilayotgan yangi sovuqlik to‘lqini turli tarmoqlarga sezilarli yuklamalar berishi mumkin. Sovuqlik to‘lqinining ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish uchun davlat va mahalliy idoralarning birgalikdagi harakatlari muhim ahamiyatga ega. Mazkur uch kunlik sovuqlik to‘lqinining kishilar salomatligi, iqtisodiyot va qishloq xo‘jalik tarmoqlariga ta’sirini yumshatish, salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ayrim tavsiyalarni bo‘lishishni lozim topdik.

Sog‘liqni saqlash tarmog‘iga ta’sirlar

15-dekabr kuni sovuq nam havo oqimining mintaqaga kirib kelishi frontoldi kuchli shamollar bilan birga kuzatiladi. Bu vaqtda hududlarda qisqa vaqt ichida atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi, ya’ni “barik tubsizlik” hodisasi sodir bo‘ladi.

Bu hodisa qon bosimi o‘zgarishidan aziyat chekuvchi bemorlar salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Ushbu hodisaning eng ko‘p uchraydigan alomatlar — bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, fotofobiya, havo yetishmasligi, ko‘ngil aynishi va qon bosimining ko‘tarilishi yoki pasayishi. Bunday kunlarda miya qon oqimining buzilishi, gipertoniya, yurak xurujlari xavfi ortishi mumkin.

Tavsiyalar. “Barik tubsizlik” holatida oqilona ish va dam olish rejimiga rioya qilish, stressli va ortiqcha jismoniy faoliyatdan qochish, uyqu rejimiga rioya qilish tavsiya etiladi. Qahva, choy va shakarli ichimliklardan ko‘ra toza gazsiz suvni ko‘proq ichish, umuman, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish muhim.

16−17-dekabr kunlari respublika aholisi 1040−1045 gPa gacha bo‘lgan yuqori atmosfera bosimi ta’sirida bo‘ladi. Normal atmosfera bosimi 1013,25 gPa ekani hisobga olinsa, yuqori bosim ayrim toifa kishilar salomatligiga ta’sir ko‘rsatadi.

Yuqori atmosfera bosimi aholi sog‘lig‘iga, ayniqsa, allergik, astmatik hamda qon bosimi xastaliklari bilan og‘riyotgan kishilarga sezilarli ta’sir qilishi mumkin. Atmosfera bosimi ko‘tarilgan vaqtda tashqi muhitda uzoq qolib ketish og‘ir oqibatlarga olib kelishi, hatto izg‘irin sovuq vaqti o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkin. Antitsilonal jarayonni inson salomatligiga ta’siri oldini olishda oldingi materiallardagi tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq.

16−17-dekabr kunlari nafaqat havo haroratining keskin pasayishi, balki mintaqamizning ayrim hududlarida aholi ochiq havoda kuchli sovuqlik stresslariga ham duch kelishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda qishda harorat keskin pasayganida kishilarda turli o‘zgarish va kasalliklar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bu haqida mintaqaga oldingi sovuqlik to‘lqinining kirib kelishida salomatlikka ta’siri va uning salbiy oqibatlarini kamaytirishda turli tavsiyalar haqida oldingi materialimizda atroflicha to‘xtalib o‘tgandik.

Energetika tarmoqlariga ta’sirlar

Sovuq ob-havo uy-joy komunal xo‘jaligi, elektr energiyasi tarmoqlarida yuklamaning ortishiga, gaz quvurlarida gaz bosimi keskin pasayishiga sabab bo‘ladi.

Bu safargi sovuqlik to‘lqini dekabrning 9−11 sanasidagi sovuqlikdan kuchliroq bo‘lib, uning kuchi asosan juda ham ko‘plab aholi istiqomat qiluvchi viloyatlarga to‘g‘ri kelishi energetik tarmoqlarga yanada kuchli bosimni yaratadi. Joriy ikki kunlikda ko‘plab katta shaharlarda havo haroratining tunda va tongda −12…−15 darajagacha pasayishi mumkin. Energotarmoq bu kabi sovuqlik to‘lqinlari yukini kamaytirishda mavjud barcha resurslarini to‘g‘ri yo‘naltira olishi kerak.

Tavsiyalar. Energetika tarmoqlarining sovuqlik muhitiga tayyor turishi bo‘yicha boshqa tavsiyalarni ham berish mumkin:

  • quvurlar va transformatorlarni muzlashdan himoya qiluvchi maxsus izolyatsiya tizimlarini tekshirish;
  • elektr iste’moli ko‘p bo‘ladigan vaqtlarda tarmoqda elektr energiya barqarorligini ta’minlash uchun zaxira elektr stansiyalarini tayyorlash;
  • tabiiy gaz ta’minotini barqaror ta’minlash uchun quvurlarni doimiy ravishda tekshirish;
  • elektr energiya talabini monitoring qilish va avariyalarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish;
  • ehtimoliy avariyaviy holatlardan aholini xabardor qilish.

Transport tarmoqlariga ta’siri

Kelayotgan sovuq nam havo oqimi va haroratning keskin sovishi holati o‘tgan safargi sovuqlik to‘lqinidan farqli hisoblanib, bu safargi ob-havo o‘zgarishlari avvaliga joylarga ko‘p miqdorda yog‘ingarchilik (yomg‘ir-qor) ulashadi va ortidan haroratning keskin pasayishi sodir bo‘ladi. Bunda yo‘llarda yaxmalak, muzlama hodisalari kuzatiladi.

Bu kabi holatlar avtomobil yo‘llarida avtomobillar harakatini yomonlashtiradi. Shuning uchun mas’ul tuzilmalar yo‘llarda qor uyumlari hosil bo‘lishi oldini olishda avtomobil yo‘li chetida zaxira qum uyumlarini hosil qilishi, kuchli qor yog‘ish davrlarida magistral avtomobil yo‘llarida muzlama hosil bo‘lmaslik oldini olish ishlarini tashkillashtirishi kerak bo‘ladi.

15−16-dekabr kunlari, katta ehtimol bilan, “Qamchiq” dovonidan kesib o‘tuvchi avtoyo‘lda ob-havoning keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq kuchli qor bo‘ronlari, yo‘llarda tez-tez qor uyumlari hosil bo‘lish xavfi bor. Ushbu kutilmalardan kelib chiqib, dovondagi mas’ul tuzilmalar kunu-tun xavfli ob-havo hodisalarini kamaytirish choralarini ko‘rishi kerak.

Qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga ta’sirlar

Kutilayotgan joriy sovuqlik to‘lqini dala ekinlariga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki ko‘plab ekinlar ayni damda qishki “tinim davri”ga kirib bo‘ldi. Joriy sovuqlik to‘lqini ayniqsa kuzgi bug‘doy rivoji uchun ayni muddao. Masalan, tuproqning chuqurroq muzlashi kelgusi sug‘orish davri uchun qurt-qumursqalar xavfini kamaytiradi.

Ayni vaqtda, joriy sovuqlik to‘lqini issiqxonalar faoliyatini og‘irlashtiradi. Shuningdek, tokzorchilik va anorchilik yo‘nalishida sifatli o‘ralmagan tok va anorlarni sovuq urishi mumkin.

Tavsiyalar:

  • issiqxonalardagi haroratni muntazam nazorat qilish va qo‘shimcha isitish tizimlarini ishga tushirish;
  • ochiq maydonlardagi ekinlarni sovuq urishidan himoya qilish uchun geotekstil yoki mulcha kabi materiallar bilan yopish;
  • kech ekilgan, ayniqsa, 1−2 barg holatida bo‘lgan g‘alla maydonlariga chirigan mahalliy o‘g‘it (go‘ng) sepish;
  • elektr energiyasi bo‘yicha cheklovlar bo‘lishini inobatga olib, nasos agregatlari va lotok tarmoqlari muzlab yorilishining oldini olish uchun ulardan foydalanishni vaqtincha to‘xtatish;
  • chorva uchun qo‘shimcha issiq joylarni tashkil etish;
  • sovuqda hayvonlarda energiya sarfi oshishini inobatga olib, qo‘shimcha yem-xashak zaxirasini tayyorlash.

Turli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish

Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholining is gazidan zaharlanib qolmasligi uchun targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozim.

Bundan tashqari, FVV va uning joylardagi bo‘linmalari 15-dekabr kuni ko‘plab hududlarda soniyasiga 20−25 metrgacha esishi kutilayotgan kuchli shamol payti aholini to‘g‘ri harakatlanishi bo‘yicha targ‘ibot choralarini ko‘rishi, xususan, joylarga o‘rnatilgan bayram archalarining kuchli shamolga bardoshliligini ko‘zdan kechirishi lozim.

17-dekabr kuni kuchli sovuqlik omili ortidan katta daryolarda muz oqimlari hosil bo‘lishi ehtimolidan kelib chiqib, ushbu hodisaning daryo o‘zanlarida xavfsiz oqib o‘tish bo‘yicha kunu-tun hushyorlikni oshirishi zarur. Tarnovlarda osilib qoladigan yaxmalak (sumalak) hodisalaridan aholi jabr ko‘rmasligi uchun ham tavsiyalar berish mumkin.

Qirg‘iziston To‘xtag‘ul suv omboridan Norin daryosiga ko‘p miqdorda suv tashlanishi kutilayotgan sovuqlik to‘lqinida ham davom etadi. Shu bois FVV bo‘linmalari Norin daryosining Namangan viloyatidan oqib o‘tuvchi qirg‘oqlaridagi vaziyatdan kunu-tun xabardor bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Umuman olganda, kutilayotgan joriy sovuqlik to‘lqini 2023-yil (bir yil avvalgi) kuz-qish mavsumidagi eng kuchli sovuqlik to‘lqiniga yaqin bo‘lib, tarmoqlar uning oqibatlarini kamaytirishda yuqorida keltirilgan tavsiyalarga amal qilsa, aholi salomatligi va iqtisodiy xavf-xatarlarning oldi sezilarli darajada olingan bo‘lur edi.