O‘zbekistonlik professional bokschi, sobiq jahon chempioni va Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) versiyasi bo‘yicha majburiy da’vogar Murodjon Ahmadaliyev birinchi yengil vazn toifasida navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

15-dekabrga o‘tar kechasi Monte-Karloda (Monako) 30 yoshli o‘zbekistonlik 27 yoshli meksikalik Rikardo Espinosa Frankoni mag‘lubiyatga uchratib, WBA yo‘nalishi bo‘yicha vaqtinchalik chempionlikka erishdi.

Ahmadaliyev birinchi daqiqalardanoq aniq qarshi zarbalar evaziga ustunlikka ega bo‘ldi va uchinchi raunddayoq Espinosani uch marta yiqitib, hakamni jangni to‘xtatishga majbur qildi. Jang texnik nokaut bilan yakunlandi.

муроджон аҳмадалиев, boks

Jangdan so‘ng asli namanganlik bokschi mutlaq chempion Naoi Inouega raqiblik qilishga tayyorligini aytib, yaponiyalik bokschini WBA bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqirdi.

Inoue chempionlik unvonini 24-yanvar kuni IBF`ning majburiy raqibi Sem Gudmanga qarshi himoya qiladi.

Naoi Inoue super vazn toifasida amaldagi mutlaq jahon chempioni, to‘rtta vazn toifasini zabt etishga muvaffaq bo‘lgan va hech qachon mag‘lub bo‘lmagan bokschi hisoblanadi. Yaponiyalik bokschi Jahon boks kengashi (WBC), Butunjahon boks tashkiloti (WBO), Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) va Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) chempionlik unvonlariga ega.

Murodjon Axmadaliyev 1994-yil 2-noyabrda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Havaskor boksda Osiyo chempioni (2017), jahon vitse-chempioni (2015) va 2016-yilgi Olimpiadaning bronza medali sovrindori bo‘lgan. 8 ta jang o‘tkazib, ikkita (WBA va IBF) chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik birinchi yagona jahon chempioni hisoblanadi.

Video