Toshkentdagi Bonum Factum Gallery’da “Stoxastika” poligrafiya studiyasi va “Ezgu Amal” xayriya fondi hamkorligida 13-dekabr kuni “Bolalarga ko‘mak uchun san’at” ko‘rgazmasi ish boshladi.
Ushbu xayriya tadbirida niderland rassomi Vinsent Van Gog tomonidan turli davrlarda chizilgan 200 dan ortiq asarning reproduksiyalari namoyishga qo‘yilgan — ko‘rgazmaning “Noreal Van Gog” degan yana bir nomi ham shundan.
Ayni vaqtda, ushbu reproduksiyalar sotuvga ham qo‘yilgan. Suratlar sotuvidan tushgan mablag‘ning bir qismi qisman saraton kasalligiga chalingan bolalarga dori-darmon, protezlar sotib olish, diagnostika va operatsiyalarga to‘lov qilish uchun “Ezgu Amal” fondiga yo‘naltiriladi.
“Ko‘rgazma nafaqat san’atning go‘zalligini, balki insoniyatning qudrati, yaxshilik kuchini ham ko‘rsatadi. Bu — inson og‘ir damlarda ham ilhom va yorug‘lik topa olishi mumkinligini tasdiqlovchi bir ajoyib namuna. Suratlarni sotib olgan kishilar esa onkologik kasalliklardan davolanayotgan mitti bemorlar uchun ana shu nur va ilhomga aylanadi”, — deydi “Ezgu Amal” jamg‘armasi vakili Komila Zulqaynarova.
Ta’kidlanishicha, ushbu reproduksiyalarni saralash va namoyishga tayyorlash uchun bir yilga yaqin vaqt ketgan. Suratlar 120 ming so‘mdan 1,35 mln so‘mgacha bo‘l narxlarga sotuvga qo‘yilgan. To‘liq katalog va narxlar bilan “Ezgu Amal” saytida tanishish mumkin.
Ko‘rgazma 15-dekabrgacha davom etadi. Kirish narxi — 15 ming so‘m.